3 yoshli bolaning boshiga g‘isht tushib ketdi

Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyatida Madaniyat uyi binosi fasadidan tushib ketgan qoplama plita 3 yoshli bolaning boshiga tegishi oqibatida u sun’iy komaga yotqizildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa bola otasi bilan bino yonida sayr qilib yurgan vaqtda sodir bo‘lgan. Ota hatto birinchi tushgan bo‘lakdan o‘g‘lini to‘sib qolishga ham ulgurgan. Onasining aytishicha, bola ko‘p qon yo‘qotgan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.
Jarohat olgan bolada murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, bosh suyagining bir qismi olib tashlangan va u sun’iy komaga kiritilgan. Ota-ona binoda qoplama materiallar mustahkam o‘rnatilmaganini ta’kidlab, mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.
“Bizning talabimiz – ushbu ishga aloqador barcha aybdorlarni aniqlab, javobgarlikka tortish. Men o‘sha parchalarni ko‘rganimda, ularda hech qanday sement, ko‘pik yoki hatto mix ham yo‘q edi. Ular nimada mahkamlangani tushunarsiz. Barcha binolar tekshirilishi kerak. Agar bu qism sifatsiz o‘rnatilgan bo‘lsa, boshqalari ham shunday bo‘lishi mumkin”, deydi bolaning onasi Sabina Kauapova.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Madaniyat uyi binosi 4 yil oldin ta’mirlangan bo‘lib, 2024 yildayoq unda darz va nuqsonlar aniqlangan.
“2024 yilda aynan shu burchakda muammolar topilgan. Biz pudratchiga murojaat qildik, u kelib barchasini tuzatishga va’da bergandi, lekin bajarmadi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u bankrot bo‘lgan “Aziya Nur 2030” kompaniyasi ekan. Biz o‘z kuchimiz bilan tekshirish olib bordik, mutaxassislarni jalb qilib, ta’mirlashni rejalashtirgan edik”, degan Madaniyat uyi bo‘lim rahbari Meyirlan Qali.
Hozirda holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, pudratchi esa politsiya tomonidan qidiruvga berilgan.