Noodatiy qaror: it zotlari uchun rasmiy bayram

Qozog'istonda har yili 3-sentabr "Qozoq tozi va to'bet itlari kuni" sifatida rasmiy bayram sifatida nishonlanadi. Bu tashabbus milliy meros hisoblangan ushbu it zotlarini asrash va ko'paytirishga qaratilgan. So'nggi yillarda bu noyob zotlarning kamayib borayotgani sababli, ularni himoya qilish va rivojlantirish bo'yicha maxsus dasturlar yo'lga qo'yilgan. Ushbu itlar Qozog'istonning qadimiy ovchi va qo'riqchi zotlari bo'lib, yo'qolib ketish xavfi ostida qolgan.
Qozog‘istonda endilikda har yili 3 sentyabr sanasi “Qozoq tozi va to‘bet itlari kuni” sifatida rasmiy bayram tarzida nishonlanadi. Bu haqda hukumatning 15 aprelda qabul qilingan 278-sonli qarorida ma’lum qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, mamlakat bayramlar ro‘yxati ushbu alohida sana bilan kengaytirildi. Mazkur tashabbus milliy meros hisoblangan tozi va to‘bet zotli itlarni asrash hamda ularning sonini ko‘paytirishga qaratilgan.
Avvalroq, 2022 yilda Prezident tomonidan ushbu zotlarni himoya qilish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shundan so‘ng ularni saqlash va rivojlantirishga oid huquqiy asoslar yaratilib, amaliy ishlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan.
Mutaxassislar so‘nggi yillarda bu noyob zotlarning kamayib borayotganini ta’kidlab, ularni muhofaza qilishni kuchaytirish zarurligini qayd etmoqda. 2024 yilda tozi zoti xalqaro darajada rasman tan olingan bo‘lib, uning standartlari Qozog‘iston tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, tozi — qadimiy ovchi it bo‘lib, uning tasvirlari ming yillik qoyatosh bitiklarida ham uchraydi. Ko‘chmanchi xalqlar hayotida u tezligi va ovdagi mahorati bilan qadrlangan. To‘bet esa yirik qo‘riqchi it sifatida chorvani bo‘rilardan himoya qilib kelgan va sadoqati bilan mashhur bo‘lgan.
Bugungi kunda ushbu ikki noyob zot yo‘qolib ketish xavfi ostida. Bunga boshqa zotlar bilan aralashib ketishi hamda an’anaviy parvarishning kamayishi sabab bo‘lmoqda. Shu bois Qozog‘istonda ularni saqlash va ko‘paytirishga qaratilgan maxsus dasturlar amalga oshirilmoqda.





























Izohlar 0
…