date

Putin Ukrainaga qarshi urushni ulugʻ vatan urushiga qiyosladi...

Putin Ukrainaga qarshi urushni ulugʻ vatan urushiga qiyosladi...

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy operatsiya muvaffaqiyati uchun butun mamlakat aholisi birdek ishlashi zarurligini taʼkidladi. U bu urushni yana bir bor Sovet Ittifoqining 1941–1945 yillardagi Germaniyaga qarshi ulugʻ vatan urushiga qiyosladi.

Moskvada boʻlib oʻtgan “Kichik vatan — Rossiya kuchi” forumida soʻzlagan Putin, oʻsha davrda front orti ham toʻliq front uchun ishlaganini esga oldi. Uning aytishicha, oʻshanda faqat harbiy texnika emas, balki butun jamiyat frontni qoʻllab-quvvatlagan.

“Ulugʻ Vatan urushi davrida butun front orti front uchun, askarlarimiz uchun, himoyachilarimiz uchun ishlagan. Ammo faqat tanklar, samolyotlar, toʻplar va snaryadlargina ishlab chiqarilmagan”, — dedi Putin.

Putin tarixiy misollar keltirar ekan, bolalar, ayollar va keksalarning ham front uchun mehnat qilganini alohida taʼkidladi — kimdir paypoq toʻqigan, kimdir esa posilka va sovgʻalar yuborgan.

Rossiya prezidentining fikricha, aynan shu umumiy birlik gʻalabaning asosiy omili boʻlgan va hozirgi vaziyatda ham xuddi shunday yondashuv kerak boʻladi.

“Bizning gʻalabalarimiz muvaffaqiyati aynan shunday birlikda. Hozir ham shunday boʻladi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Biroq jamoatchilik kayfiyatida boshqa tendensiya ham kuzatilmoqda. “Levada-markaz” soʻroviga koʻra, rossiyaliklarning 67 foizi Ukraina bilan tinchlik muzokaralari boshlanishini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Shu bilan birga, harbiy harakatlarni davom ettirish tarafdorlari soni keskin kamayib, 24 foizga tushgan — bu esa kuzatuvlar tarixidagi eng past koʻrsatkich hisoblanadi.

Soʻrovlar yana shuni koʻrsatadiki, urush haqida faol kuzatuv olib borayotgan aholi ulushi ham kamayib, 44 foizga tushgan. Shu paytda ommaviy axborot vositalari Putin reytingining ham bir necha hafta ketma-ket pasayib borayotganini qayd etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Putin Ukrainaga qarshi urushni ulugʻ vatan urushiga qiyosladi...