Italiyada uylar 1 yevrodan sotuvga chiqarildi

Italiyaning Vichensa provinsiyasidagi o‘nta munitsipalitet tog‘li qishloqlarni qayta tiklash va aholini qaytarish maqsadida tashlandiq uylarni ramziy 1 yevro qiymatida sotuvga chiqardi. "Pnrr Green Communities" dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga xorijliklar va mahalliy aholi tomonidan katta qiziqish bildirilgan bo‘lib, jami 78 ta rasmiy taklif kelib tushgan. Hozirda 24 ta bino savdoga qo‘yilgan bo‘lib, loyiha tashkilotchilari buni shunchaki oldi-sotdi emas, balki hududning kelajagiga tikilgan sarmoya deb hisoblamoqda. Sotib olish istagini bildirgan xaridorlarning yakuniy ro‘yxati joriy yilning may oyi boshida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Yevropaning eng goʻzal goʻshalaridan biri boʻlgan Italiyaning Vichentsa provinsiyasi shimolidagi oʻnta maʼmuriy birlik (munitsipalitet) oʻzaro kelishib, oʻziga xos loyihaga qoʻl urdi. Togʻli qishloqlarga avvalgi hayot nafasini qaytarish va mahalliy aholining boshqa yerlarga koʻchib ketishiga chek qoʻyish maqsadida, bu yerdagi yaroqsiz holga kelib qolgan koʻchmas mulk inshootlari ramziy 1 yevro qiymatida savdoga qoʻyildi. Bu haqda “leggo.it” nashri maʼlum qildi.
Xorijliklarning qiziqishi yuqori
Pasubio Pikkole Dolomiti togʻli jamoalari birlashmasi “Pnrr Green Communities” maxsus dasturi asosida hududni qayta tiklash rejasini amalga oshirmoqda. Arizalarni qabul qilish muddati joriy yilning 16 aprelida nihoyasiga yetgan boʻlsa-da, kelib tushgan talabnomalar soni loyihaga boʻlgan qiziqish naqadar yuqori ekanini koʻrsatmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, ittifoq idoralariga jami 78 ta rasmiy xarid taklifi yuborilgan. Diqqatga sazovor jihati, ularning toʻqqiztasi toʻgʻridan-toʻgʻri chet eldan, beshtasi esa Italiya hududida istiqomat qiluvchi xorij fuqarolaridan kelib tushgan. Dastlabki bosqichda foydalanilmayotgan deb topilgan 385 ta mulk obyektidan 24 ta bino amalda sotuv bozoriga olib chiqildi.
“Bu pul emas, hayot uchun tikilgan sarmoya”
Ittifoq rahbari hamda Monte-di-Malo shahri meri Moze Skvartson ushbu tashabbusni shunchaki oldi-sotdi emas, balki kelajakka tikilgan investitsiya deb hisoblaydi.
“Bizning bosh maqsadimiz — zamonaviylik va ortiqcha qulaylik ilinjida odamlar tark etgan, huvillab qolgan bu goʻzal maskanlarga yana qadrdon insonlarni qaytarishdan iborat”, — deya taʼkidladi u.
Eski va taʼmirtalab uylarni sotib olib, ularga sarmoya kiritish istagini bildirgan xaridorlarning yakuniy roʻyxati joriy yilning may oyi boshida ommaga eʼlon qilinadi.






























Izohlar 0
…