date

Gʻazodagi bolalar gapirish qobiliyatini yoʻqotmoqda: sabab nima?

Gʻazodagi bolalar gapirish qobiliyatini yoʻqotmoqda: sabab nima?

Gʻazoda urush oqibatlari nafaqat binolarni, balki bolalar ruhiyatini ham vayron qilmoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hududda koʻplab bolalar gapirish qobiliyatini yoʻqotayotgani qayd etilmoqda. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Misol sifatida besh yoshli Jad Zohudni keltirish mumkin. U uyi yaqinida sodir boʻlgan kuchli portlashdan soʻng toʻsatdan gapirmay qoʻygan. Mutaxassislar taʼkidlashicha, bunday holatlar tobora koʻpayib bormoqda.

Shifokorlar fikricha, ayrim bolalarda nutq yoʻqolishiga jismoniy jarohatlar — bosh miya shikastlanishi yoki portlash toʻlqini sabab boʻlsa, boshqalarida bu ogʻir psixologik zarba natijasi hisoblanadi. Yaʼni, bola hech qanday tashqi jarohatsiz ham “sukunga choʻmishi” mumkin.

Chegara bilmas shifokorlar bilan ishlagan psixoterapevt Katrin Brubakk bu holatni “sukutdagi ogʻriq” deb taʼriflaydi. Uning soʻzlariga koʻra, bola kuchli qoʻrquv va xavfni his qilganda, organizm himoya reaksiyasi sifatida “muzlash” holatiga oʻtadi va nutq funksiyasi vaqtincha bloklanadi.

Gʻazo shahridagi shifokorlar ham bu muammo kengayib borayotganini tasdiqlamoqda. Mutaxassis Muso al-Xorti taʼkidlashicha, bolalarda selektiv mutizm yoki isterik afoniya holatlari koʻpayapti. Bu esa stress oqibatida ovoz chiqmasligi bilan izohlanadi.

Bunday holatlardan biri toʻrt yoshli Lusin Tambura misolida ham kuzatilgan. U aviazarba paytida baland qavatdan yiqilib, nafaqat jismoniy, balki nutqiy muammolarga duch kelgan. Hozir uning ahvoli qisman yaxshilangan boʻlsa-da, gapirishi hali ham toʻliq tiklanmagan.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, uzoq davom etgan stress miyani doimiy “xavf rejimi”da ushlab turadi. Bu esa bolaning rivojlanishi, his-tuygʻularini ifoda etishi va oʻqish qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu bilan birga, davolanish imkoni ham mavjud. Ammo bu jarayon juda sekin va ehtiyotkorlikni talab qiladi. Psixologlar turli usullar, jumladan, oddiy oʻyinlar va mashqlar orqali bolalarni sekin-asta muloqotga qaytarishga harakat qilmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, eng asosiy omil — xavfsiz muhit yaratish. Ammo Gʻazoda bugungi sharoitda bunday muhitni taʼminlash ancha mushkul boʻlib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Gʻazodagi bolalar gapirish qobiliyatini yoʻqotmoqda: sabab nima?