Shri-Lankada 22 nafar buddist rohibdan 110 kilogrammdan ziyod narkotik modda aniqlandi

Shri-Lankada 22 nafar buddist rohib 110 kilogrammdan ziyod narkotik moddalarni olib kirishga harakat qilgan vaqtda qoʻlga olindi. Bu haqda “Daily Mirror” nashri xabar berdi.
Hodisa Bandaranaike xalqaro aeroportida, poytaxt Kolombo shahridan shimol tomonda roʻy bergan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur musodarani aeroport tarixidagi eng yirik holatlardan biri sifatida baholamoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, rohiblar Tailand davlatidan kelgan boʻlib, ularning yuklari orasidan jami qariyb 112 kilogramm “kannabis” va “gashish” aniqlangan. Musodara qilingan noqonuniy yukning umumiy qiymati 1,1 milliard Shri-Lanka rupiyasidan (taxminan 3,45 million AQSH dollari) ortiq ekani aytilmoqda.
Qoʻlga olingan shaxslar joriy yilning 26 aprel kuni Negombo shahridagi sudga olib borilgan. Tergov natijalariga koʻra, ushbu operatsiyani mamlakatning gʻarbiy qismida joylashgan ibodatxonalardan biriga mansub uch nafar rohib boshqargan. Qolgan 19 nafar ishtirokchi esa Facebook orqali jalb etilgan.
Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, aksariyati 30 yoshga toʻlmagan yosh rohiblarga bepul aviachipta, yashash sharoiti va ovqatlanish vaʼda qilingan. Ularga aslida maktab oʻquvchilari uchun “oʻquv qoʻllanmalari va shirinliklar” tashilayotgani aytilgan.
Shuningdek, Gampaha hududida mazkur guruhning ehtimoliy tashkilotchisi ham qoʻlga olingan. Tergov jarayonida maʼlum boʻlishicha, ushbu guruh oʻtgan oy ham 12 nafar rohib ishtirokida shunga oʻxshash operatsiyani amalga oshirgan va yaqin vaqt ichida yana bir safarni rejalashtirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!