Solovyov maashhur blogerdan uzr soʻradi: ular jonli efirda yarashib olishdi

Rossiya telemakonidagi eng shov-shuvli nizolardan biri kutilmagan yakun topdi. Taniqli teleboshlovchi Vladimir Solovyov va mashhur bloger Viktoriya Bonya oʻrtasidagi ayovsiz «soʻz janglari» jonli efirdagi uzr bilan toʻxtadi. Zamin.uz ushbu siyosiy va shaxsiy mojaroning tafsilotlarini oʻrgandi.
Hammasi nimadan boshlangan edi?
Voqealar rivoji 14 aprel kuni Viktoriya Bonyaning Prezident Vladimir Putinga yoʻllagan videomurojaatidan soʻng keskinlashdi. Instagram’da 14 million obunachiga ega bloger mamlakatdagi muammolarni sanab oʻtib, «odamlar sizdan qoʻrqishadi» deya bayonot bergandi.
Bunga javoban Vladimir Solovyov oʻz koʻrsatuvida Bonyani nihoyatda ogʻir soʻzlar bilan haqorat qildi. Hatto Davlat dumasi deputati Vitaliy Milonov ham blogerni «savodsizlik» va «eskort» xizmatida aybladi. Natijada Bonya propagandachilarni sudga berishini maʼlum qilgan edi.
Jonli efirdagi yuzma-yuz uchrashuv
28 aprel kuni vaziyat tubdan oʻzgardi — Viktoriya Bonya Solovyovning koʻrsatuviga mehmon sifatida tashrif buyurdi. Suhbat avvalida Bonya oyoqlaridagi ogʻriq stressdan ekanini aytganida, Solovyov: «Buni mening aybim deb hisoblaymiz», — deya dastlabki yumshoqlikni koʻrsatdi.
Bloger teleboshlovchidan oʻzini va Italiya bosh vaziri Jorjia Melonini haqorat qilgani uchun uzr soʻrashni talab qildi. Natijada Solovyov hissiyotlarga berilib ketganini tan olib, Bonyadan rasman kechirim soʻradi.
Putin, Meloni va «yumshoq kuch»
Muloqot davomida bir qator muhim mavzular bahs markazida boʻldi:
Prezidentga munosabat: Solovyov Rossiyada Putindan qoʻrqishmasligini, balki uni sevishlarini taʼkidladi. Uning fikricha, Bonyaning «qoʻrquv» haqidagi soʻzlari Gʻarb nashrlari uchun «qurol» boʻlib xizmat qilgan.
Jorjia Meloni masalasi: Solovyov Italiya bosh vazirini ayol sifatida emas, siyosatchi sifatida tanqid qilganini aytsa-da, agar u shaxsan xafa boʻlgan boʻlsa, uzr soʻrashini bildirdi.
Ekologiya va urush: Bonya Tuapsedagi ekologik muammolarni koʻtarmoqchi boʻldi, biroq Solovyov ovozini balandlatgan holda Rossiya hududlariga boʻlayotgan dron hujumlari va urush haqida gapirishga oʻtib ketdi.
Mojaro sudgacha bormaydigan boʻldi
Efir yakunida Solovyov Bonyani «aqlli qiz» deb atadi. Viktoriya Bonya esa oʻz navbatida «ayollar — yumshoq kuch» ekanini isbotlaganini va teleboshlovchi uning eʼtirozlarini inobatga olishga vaʼda berganini maʼlum qildi.
«Bugungi kun menga yumshoq kuch ishlayotganini yana bir bor koʻrsatdi. Men buni kichik boʻlsa-da, gʻalaba deb bilaman. Urush bilan emas, tinchlik bilan yakunlangani yaxshi», — dedi bloger oʻz Instagramida.
Shu tariqa, Viktoriya Bonya Solovyovni sudga berish fikridan qaytdi.
Aziz mushtariylar, sizningcha, bu kabi mojarolarning jonli efirda hal etilishi jamoatchilik uchun qanchalik muhim? Solovyovning kechirimi samimiy boʻldi deb oʻylaysizmi?
Rossiya va jahon shou-biznesi hamda siyosiy maydonidagi eng qiziqarli yangiliklarni Zamin.uz saytida kuzatishda davom eting.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!