date

Hindistonda erkak opasining jasadini qazib olib, uning hisobidan pul yechish maqsadida bankka olib borgan

Hindistonda erkak opasining jasadini qazib olib, uning hisobidan pul yechish maqsadida bankka olib borgan

Hindistonda erkak opasining jasadini qazib olib, uning hisob raqamidan 211 dollar yechib olish maqsadida bankka olib borgan. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. 50 yoshli Jitu Munda opasining vafot etganini isbotlash orqali uning hisobidagi mablagʻdan foydalanmoqchi boʻlgan. Biroq u bankka oʻlimni tasdiqlovchi zarur hujjatlarni taqdim eta olmagan.

Maʼlum qilinishicha, u yanvar oyida 56 yoshida vafot etgan opasi Kalra Mundaning hisobidan taxminan 20 ming rupiy (211 dollar) yechib olishga harakat qilgan. Munda roʻmolga oʻralgan jasad qoldiqlarini Odisha shtatining Keonjhar tumanida joylashgan Odisha Grameen Bank filialiga olib kelgan.

“Men bir necha marotaba bankka bordim va u yerdagi xodimlar menga hisob egasini olib kelishni, shundan keyingina uning nomidagi mablagʻni olishim mumkinligini aytdi. Oʻlganini aytgan boʻlsam ham, gapimga ishonishmadi va bankka olib kelishni talab qilishdi. Shu bois alamimdan qabrni qazib, oʻlim isboti sifatida uning skeletini olib chiqdim”, dedi Munda jurnalistlarga.

Rasmiylar maʼlumotiga koʻra, erkak opasining hisobidagi pulni olish uchun oʻzini qonuniy voris sifatida rasmiylashtirish tartibini toʻliq tushunmagan.

“Jitu savodsiz qabila vakili. Bank xodimlari unga marhum hisobidan pul yechish tartibini yetarlicha tushuntirib bera olmagan”, dedi mahalliy politsiya inspektori Kiran Prasad Sahu.

Hodisadan keyin rasmiylar Mundaga mablagʻni qonuniy tartibda olish jarayonini yakunlashda yordam bergan. Opasining jasadi esa politsiya nazorati ostida qayta dafn qilingan.

Odisha Grameen Bank raisi voqeani “juda achinarli holat” deya baholab, xodimlardan tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilishni talab qildi.

Bank vakillarining taʼkidlashicha, xodimlar Mundaga mablagʻni olish uchun oʻlim haqidagi guvohnoma va meros huquqini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilishini tushuntirgan. Biroq u bu talablarga rozi boʻlmagan va keyinchalik opasining jasadi bilan bankka yana kelgan. Bu holat bank xodimlari hamda mijozlar orasida sarosima keltirib chiqargan, shundan soʻng mahalliy politsiyaga xabar berilgan.

“Politsiya vaziyatga aralashdi va masala hal etildi”, dedi rais Rishi Singx.

Mundaga ushbu voqea boʻyicha hech qanday ayblov qoʻyilmagani maʼlum qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda erkak opasining jasadini qazib olib, uning hisobidan pul yechish maqsadida bankka olib borgan