Dugonalari bilan terisini qoraytirishga qiziqqan ayol teri saratonidan vafot etdi

Angliyaning Manchester shahrida yashagan 30 yoshli Chelsi Tantum teri saratonining xavfli turi — melanomadan vafot etdi. U 15 yoshidan boshlab dugonalari bilan terisini yanada qoraytirish borasida raqobatlashib, muntazam ravishda solyariy xizmatidan foydalangan.
Chelsiga 28 yoshida melanoma tashxisi qo‘yilgan. O‘sha vaqtga kelib kasallik umurtqa pog‘onasi, o‘pka, jigar va boshqa a’zolarga tarqalib ulgurgan edi. Keyinchalik saraton uning bosh miyasiga ham o‘tgan.
Ayolning aytishicha, u hali voyaga yetmagan paytida solyariy salonlariga borganida, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab qilinmagan. U keyingi yillarda ham ushbu xizmatdan muntazam foydalanishda davom etgan.
Kasalligi aniqlanganidan so‘ng Chelsi solyariyning xavfli oqibatlari haqida jamoatchilikni ogohlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. U voyaga yetmaganlarning solyariy salonlariga kirishining oldini olish uchun mijozlardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab qilish tizimini joriy etishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Chelsi melanoma bilan kasallangan insonlarni qo‘llab-quvvatlovchi Melanoma Focus tashkiloti uchun 4 ming funt sterlingdan ortiq mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
U 2026 yil 30-sentabrda hayotdan ko‘z yumdi. Yaqinlarining ta’kidlashicha, Chelsi og‘ir kasallik bilan kurashayotganiga qaramay, so‘nggi kunlarigacha boshqalarga yordam berish va insonlarni xavf haqida ogohlantirishga intilgan.































Izohlar 0
…