Nega Mujtabo Xomanaiy otasining dafn marosimida qatnashmadi?

Eronda marhum oliy rahbar Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari davom etmoqda. Mamlakatning besh shahrida tashkil etilgan dafn tadbirlari 9 iyulga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Biroq shu kungacha amaldagi oliy rahbar Mujtabo Xomanaiy otasi bilan xayrlashuv marosimlarida ko‘rinmadi. Bu haqda Nur.kz nashri The New York Times ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Avvalroq Ali Xomanaiyning dafn marosimini tashkil etish qo‘mitasi rahbari Akbar Purjamshidiyon Mujtabo Xomanaiyning marosimda ishtirok etishi yoki etmasligi haqida qaror qabul qilish uning vakolatiga kirmasligini bildirgan edi.
The New York Times nashrining Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidagi ikki nafar anonim manbasiga ko‘ra, Mujtabo Xomanaiyning xavfsizlik xizmati uning omma oldida ko‘rinishi Isroil tomonidan ehtimoliy suiqasd uyushtirilishi yoki harakatlanish yo‘nalishi orqali yashirin joylashuvi aniqlanib qolishi mumkinligi haqida xavotir bildirgan. Shu sababli unga dafn marosimlarida qatnashishga ruxsat berilmagan.
Nashrning qayd etishicha, Mujtabo Xomanaiy marosimning ayrim qismlarida ishtirok etish istagini bildirgan. Xususan, u 9 iyul kuni Mashhad shahridagi Imom Rizo ziyoratgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan marosimda qatnashib, otasi uchun janoza duosini o‘qishni rejalashtirgan.
Hozircha Eron rasmiylari Mujtabo Xomanaiyning dafn marosimlarida ishtirok etmagani yuzasidan rasmiy izoh yoki bayonot bermagan.






























Izohlar 0
…