Hindistonda 10 ming zinaga zambilda olib chiqilayotgan semiz erkak tarmoqlarda bahs uyg‘otdi

Hindistonning Girnar tog‘ida sayyohlarni cho‘qqiga qo‘lda ko‘tarib chiqish xizmati keng tarqalgan. Ziyorat va sayohat uchun kelgan ba’zi boy mehmonlar tik zinapoyalarni piyoda bosib o‘tish o‘rniga mahalliy aholiga pul to‘lab, maxsus zambillarda olib chiqishlarini so‘ramoqda.
Cho‘qqi sari yo‘l 10 mingdan ziyod tosh zinalardan tashkil topgan. Ko‘tarilish bir necha soat davom etadi. Yo‘lning tikligi va uzoqligi sabab bu safar hatto jismonan tayyor odamlar uchun ham oson emas.
Mahalliy ishchilar sayyohlarni zambilga o‘tqazib, qo‘l kuchi bilan yuqoriga olib chiqadi. Ular og‘ir yuk bilan minglab zinani bosib o‘tadi. Ko‘p oilalar aynan shu xizmat orqali ro‘zg‘or tebratadi.
Video va suratlar internetda tarqalgach, foydalanuvchilar bu mehnatga turlicha baho berdi. Ayrimlar sayyohlarning qulayligi uchun mahalliy aholi juda og‘ir sharoitda ishlayotganini tanqid qildi. Bu holatni boy va kam ta’minlangan qatlam o‘rtasidagi farqning yaqqol misoli deb ataganlar ham bor.
Muhokamalarda jismoniy mehnatning haqi, ishchilarning salomatligi va turizmdan keladigan daromad qanday taqsimlanayotgani haqida savollar ko‘tarildi. Girnar tog‘idagi ushbu xizmat mahalliylar uchun tirikchilik vositasi bo‘lsa-da, uni bajarish har kuni katta jismoniy kuch talab qiladi.































Izohlar 0
…