Sun’iy intellekt aktrisasi katta kinoda ilk bor bosh rolni ijro etadi

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan Tilli Norvud ismli raqamli aktrisa ilk to‘liq metrajli filmda bosh rolni ijro etadi. Buyuk Britaniyaning "Partikl 6" kinostudiyasi "Mos kelmaslik" nomli loyiha ustida ish boshlanganini rasman e’lon qildi.
Film markazida tirik tanasi, bolaligi va shaxsiy hayotiy tajribasi bo‘lmagan raqamli mavjudot turadi. U atrofdagi dunyoni faqat boshqa odamlarning bilimlari va xotiralari orqali anglaydi. Voqealar tizimdan qochgan isyonkor sun’iy intellekt uni ichki himoya cheklovlarini o‘chirishga ko‘ndirganidan keyin keskin o‘zgaradi.
"Mos kelmaslik" studiyaning ilk yirik to‘liq metrajli filmi hisoblanadi. Loyiha hozircha dastlabki bosqichda. Rejissyor, ssenariynavis, montajchilar va sun’iy intellekt mutaxassislaridan iborat ijodiy jamoa shakllantirilmoqda.
Tilli Norvud haqida 2025 yilda xabarlar tarqalgan edi. Uning kino sohasiga kirib kelishi aktyorlar orasida norozilik uyg‘otdi. Kasaba uyushmalari raqamli obrazlar haqiqiy ijrochilarning mehnati asosida yaratilishi va kelajakda aktyorlik kasbiga xavf tug‘dirishidan xavotir bildirmoqda.































Izohlar 0
…