Uch yildan so‘ng Saudiyadan Turkiyaga poyezd qatnashi kutilmoqda

Uch yildan so‘ng Saudiyadan Turkiyaga poyezd qatnashi kutilmoqda

Saudiya Arabistoni va Turkiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri temir yo‘l aloqasini yo‘lga qo‘yish loyihasi keyingi uch yil ichida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralog‘lu Al Arabiya nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur temir yo‘l kelajakda Yevropa yo‘nalishigacha kengaytirilishi mumkin. Ar Riyod—Anqara temir yo‘l tarmog‘ining qiymati bo‘yicha aniq ma’lumotlar esa yaqin vaqtlarda e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, temir yo‘l Saudiya Arabistonidan boshlanib, Iordaniya va Suriya orqali Turkiya hududigacha yetib boradi. Shuningdek, Iroq ham mazkur transport yo‘lagining bir qismiga aylanishi ehtimoli bor.

Abdulqodir Uralog‘luning ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistoni o‘z temir yo‘l tarmog‘ini allaqachon Iordaniya chegarasigacha yetkazgan. Turkiya esa o‘z navbatida temir yo‘l tizimini Suriya hududigacha kengaytirgan. Hozirgi kunda asosiy e’tibor Suriya va Iordaniyadagi yetishmayotgan qismlarni barpo etishga qaratilmoqda.

“Ayni paytda biz aynan shu yo‘nalish ustida ishlayapmiz. Barcha tafsilotlarni o‘rganib chiqib, to‘rt davlatni birlashtiruvchi temir yo‘l tarmog‘ini yaratish uchun qanday hamkorlik qilish mumkinligini muhokama qilmoqdamiz. Kelajakda mazkur yo‘l Yevropa qit’asigacha yetib borishi mumkin”, dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Fors ko‘rfazi davlatlari ham keyinchalik ushbu yirik infratuzilma loyihasiga ulanishi mumkin. Bu bayonot Saudiya Arabistoni transport va logistika xizmatlari vaziri Solih al-Jassir bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng yangradi. Uchrashuv yakunida ikki davlat temir yo‘l sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi.

Shu bilan birga, tomonlar Ar Riyod va Anqarani bog‘lovchi temir yo‘l hamda avtomobil yo‘llari variantlarini ham muhokama qilmoqda. Bu muzokaralar mintaqadagi geosiyosiy o‘zgarishlar va davom etayotgan mojarolar fonida olib borilmoqda.

Avvalroq Saudiya Arabistoni transport vaziri Solih al-Jassir ham Al Arabiya telekanaliga bergan intervyusida mazkur loyihaning iqtisodiy asoslari 2026 yil oxirigacha tayyor bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya, Iordaniya va Suriya orqali Turkiyani bog‘lovchi temir yo‘l mintaqaning transport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.

Mutaxassislar fikricha, tarixiy temir yo‘l yo‘lagini qayta tiklashga qaratilgan mazkur loyiha mintaqa mamlakatlarini oddiy tranzit hududidan qit’alararo savdo oqimlarini boshqaruvchi muhim markazga aylantirishi mumkin. Ayniqsa, Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat va dengiz yuk tashish sohasidagi uzilishlar fonida muqobil quruqlik yo‘llariga qiziqish tobora ortib bormoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar