Xitoyda robot ilonlar elektr tarmoqlarini nazorat qilishga kirishdi

Xitoyda elektr uzatish liniyalarini nazorat qilish uchun robot ilonlardan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ular simlar bo‘ylab harakatlanib, avariya holatlariga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan nosozliklar va ortiqcha qizib ketish holatlarini aniqlaydi. Bu haqda Interesting Engineering nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, robotlar Yunnan provinsiyasining ma’muriy markazi bo‘lgan Kunmin shahrida qo‘llanilmoqda. Ular simlarga o‘ralib harakatlanar ekan, kameralar va maxsus datchiklar yordamida uzilgan simlar, eskirgan qismlar hamda haroratdagi g‘ayritabiiy o‘zgarishlarni aniqlaydi. Ishlab chiquvchilar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, robotlar shu vaqtgacha 130 kilometrdan ortiq elektr uzatish liniyalarini tekshirib chiqqan.
Mazkur tizim Guandu tumani elektr ta’minoti byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Byuro vakillarining ta’kidlashicha, robotlar yordamida amalga oshirilayotgan tekshiruvlar samaradorligi an’anaviy qo‘l mehnati usullariga nisbatan uch baravar yuqori hisoblanadi.
Elektr tarmoqlarini nazorat qilishda tez-tez qo‘llaniladigan dronlardan farqli ravishda, robot ilonlar bevosita kabellar bo‘ylab harakatlanadi. Bu esa dronlar parvozi cheklangan hududlarda, ayniqsa aeroportlar yaqinida ham bemalol ishlash imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, bunday robotlar yuqori kuchlanishli liniyalardan tarqaladigan elektromagnit to‘siqlarga nisbatan ham ancha chidamli bo‘lib, ular dronlarni boshqarish va tasvir sifatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Yangi texnologiya dronlarning yana bir qator kamchiliklarini, jumladan, ob-havoga bog‘liqligi hamda akkumulator ishlash vaqtining cheklanganligi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga yordam bermoqda. Yaqin masofadan doimiy monitoring olib borilishi natijasida energetika sohasi mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezroq aniqlab, o‘z vaqtida bartaraf etish imkoniga ega bo‘ladi.
Xitoy energetika kompaniyalari infratuzilmani kuzatib borish uchun nafaqat robot ilonlardan, balki robot itlar, dronlar va statsionar kuzatuv kameralaridan ham faol foydalanmoqda.
Robot ilon bir nechta qismlardan tashkil topgan egiluvchan korpusga ega bo‘lib, bu unga simlar bo‘ylab erkin harakatlanish va turli to‘siqlarni, xususan, izolatorlarni chetlab o‘tish imkonini beradi. Shu sababli u odamlar yoki dronlar uchun tekshirish qiyin bo‘lgan hududlarga ham osonlik bilan yetib bora oladi. Nosozliklar va ehtimoliy xavflarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida robotning bosh qismiga kamera va maxsus datchiklar o‘rnatilgan.
E’tiborli jihati shundaki, robot quvvatni o‘zi tekshirayotgan elektr uzatish liniyalaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri kontaktsiz usul orqali oladi.
Elektr uzatish tarmoqlarining bir nechta yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli sinovlar o‘tkazilganidan so‘ng, kompaniyalar robotlardan yanada murakkab hududlarda ham foydalanish ko‘lamini kengaytirdi. Shuningdek, robot itlar ham yuqori kuchlanishli zonalarda va insonlar uchun xavfli bo‘lgan boshqa hududlarda tekshiruv ishlariga jalb qilinmoqda.





























Izohlar 0
…