Baliq tutayotgan 11 yoshli bolaga alligator hujum qildi

AQSHning Florida shtatida dam olish paytida baliq tutayotgan 11 yoshli Brodi Terriga alligator hujum qilishi oqibatida bola qo‘lidan ayrildi. Pensilvaniyada yashovchi bola ushlagan balig‘ini suvga qo‘yib yubormoqchi bo‘lgan vaqtda suvdan chiqqan yirik yirtqich uning qo‘liga tashlangan. Otasining yordamiga qaramay, og‘ir jarohat olgan bolaning o‘ng qo‘li shifokorlar tomonidan bilak qismigacha amputatsiya qilindi.
AQSHning Florida shtatida dam olish uchun kelgan 11 yoshli bola alligator hujumi oqibatida qo‘lidan ayrildi. Fojia bola otasi bilan birga baliq ovlayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Pensilvaniyada yashovchi Brodi Terri otasi bilan qirg‘oqda baliq tutayotgan paytda ushlagan balig‘ini suvga qo‘yib yubormoqchi bo‘lgan. Shu vaqt kutilmaganda suvdan chiqqan yirik alligator uning qo‘liga tashlangan.

Bolaning otasi o‘g‘lini qutqarish uchun darhol suvga sakrab tushib, alligatorning jag‘ini ochishga harakat qilgan. Biroq jonzot aylanib ketgani sababli bolaning o‘ng qo‘li og‘ir jarohat olgan.
Shifokorlar jarohatlangan qo‘lni saqlab qolish uchun bir necha marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Ammo og‘ir shikastlanish tufayli uni billak qismigacha amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.
Hozirda Brodi Terri kasalxonadan chiqarilgan va Pensilvaniyadagi uyida davolanmoqda. Uning oilasi tibbiy xarajatlarni qoplash uchun xayriya jamg‘armasi tashkil qilgan. Yaqinlarining aytishicha, bola baliq ovlash, beysbol va futbolni juda yaxshi ko‘rar edi. Endi esa u yangi hayot tarziga moslashish bilan birga o‘z sevimli mashg‘ulotlarini davom ettirish uchun kurashmoqda.
Florida Baliq va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, voqeadan keyin uzunligi qariyb 2,6 metr bo‘lgan alligator topilib, odamlar xavfsizligi uchun yo‘q qilingan.
Mutaxassislar alligatorlar ishtirokidagi bunday hodisalar kam uchrasa-da, aholini suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga, yovvoyi hayvonlarga yaqinlashmaslikka va ularni oziqlantirmaslikka chaqirmoqda.






























Izohlar 0
…