Yaqin Sharqdagi 3,5 oylik urush yakuni: Kim o‘z maqsadiga erishdi-yu, kim mag‘lub bo‘ldi?

Yaqin Sharqda uch yarim oy davom etgan shiddatli harbiy harakatlar nihoyat maxsus memorandum imzolanishi bilan to‘xtadi. Bugungi kunda aksariyat xalqaro tahlilchilar va kuzatuvchilar urush yakunlarini qizg‘in muhokama qilmoqda. Asosiy xulosalarga ko‘ra, AQSH va Isroil o‘zlarining strategik maqsadlariga to‘liq erisha olmadi, Eron esa jiddiy talafotlar ko‘rganiga qaramay, ko‘plab jabhalarda o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi.
AQSH va Isroilning rejalari nega amalga oshmadi?
Vashington va Tel-Aviv ushbu urush orqali bir nechta yirik maqsadlarni ko‘zlagan edi. Birinchi va eng asosiy vazifa — Eronda amaldagi siyosiy tizimni zaiflashtirish, ichki noroziliklarni kuchaytirish orqali hokimiyat almashinuviga erishish va u yerda G‘arb manfaatlariga mos hukumat shakllantirish edi. Ba’zi ekspertlar bu rejani Venesuela ssenariysiga qiyoslashmoqda, biroq Eronda bu model ish bermadi. Mamlakat o‘z suverenitetini saqlab qoldi.
Ikkinchi muhim maqsad jahon neft bozori va global yonilg‘i narxlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq edi. Bu yo‘nalishda ham ittifoqchilar kutilgan natijaga erisha olishmadi. Keyingi dolzarb masala esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat bo‘lib, bu yerdagi strategik transport yo‘laklari ustidan nazorat masalasi hanuz boshqa davlatlarning ham o‘z manfaatlarini faolroq himoya qilishiga turtki bermoqda.
Donald Trampning "g‘alabasi" va yadro dasturi masalasi
Shunga qaramay, AQSH urushdan butunlay quruq qo‘l bilan chiqdi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Vashington urush boshlanishidan avval Masqatda o‘tkazilgan muzokaralarda Eronning yadro dasturini cheklashni asosiy talab sifatida qo‘ygan edi. Imzolangan memorandumning 10-bandida Eronning yadroviy faoliyati AEXA (Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik) nazorati ostida bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Ayni paytda AQSH prezidenti Donald Tramp "Eron endi hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmaydi" degan bayonot bilan chiqib, buni o‘zining katta muvaffaqiyati sifatida ko‘rsatmoqda. Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan Tramp ushbu natijani ichki siyosatdagi eng kuchli argument sifatida ishlatishi aniq.
Aslida esa Tehron hozirgacha yadro quroli yaratishga intilmayotganini bildirib kelmoqda. Hatto mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy yadro quroliga egalik qilish islom shariatiga zid va harom ekanligi haqida fatvo chiqargan. Eronning uranni 60 foizgacha boyitgani xalqaro hamjamiyatda bahslarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, Tehron buni tibbiyot, ilmiy tadqiqot va atom energetikasi ehtiyojlari bilan izohlamoqda.
Eronning ko‘rgan zarari va pragmatik qarori
Urush Eron uchun juda qattiq va alamli kechdi. Mamlakat hududiga 20 mingdan ortiq harbiy zarbalar berildi, bu esa infratuzilma, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga dahshatli zarar yetkazdi. Bu vayronagarchiliklarning asoratlari yaqin yillar ichida ham sezilib turadi.
Eng achinarlisi, Eron rahbariyati yuqori martabali harbiy va siyosiy amaldorlaridan, shuningdek, ularning oila a’zolaridan ayrildi. Shunga qaramay, Tehron urushni yanada avj oldirishdan ko‘ra, murosa yo‘lini, ya’ni memorandum imzolashni tanladi. Bu uzoq yillardan beri sanksiyalar ostida yashayotgan mamlakat iqtisodiyoti va xalq manfaatlarini asrab qolishga qaratilgan pragmatik va dono qaror bo‘ldi.
300 milliard dollarlik savol
Imzolangan hujjatning eng qiziqarli jihatlaridan biri — AQSH va uning ittifoqchilari Eron iqtisodiyotini qayta tiklash uchun 300 milliard dollar miqdorida yordam mablag‘i ajratishi haqidagi banddir. Ammo bu ulkan mablag‘ni kim, qanday mexanizmlar orqali va qaysi shaklda yetkazib berishi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Shu bois, ushbu bandning qog‘ozdan amaliyotga ko‘chishini vaqt ko‘rsatadi.































Izohlar 0
…