Qozog‘iston benzin va dizel eksportiga qo‘yilgan taqiqni yana uzaytirmoqchi

Qozog‘istonda benzin va dizel yoqilg‘isini eksport qilishga qo‘yilgan cheklov yana yarim yilga uzaytirilishi mumkin. Energetika vazirligi bu bo‘yicha yangi qaror loyihasini tayyorladi.
Taklifda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga yoqilg‘i chiqarishni 2026 yil 22 noyabrdan 2027 yil 22 maygacha taqiqlash ko‘zda tutilgan. Boshqa mamlakatlar uchun cheklov 2027 yilning 1 yanvaridan 30 iyunigacha davom etishi mumkin.
Taqiq benzin, dizel va aviakerosin bilan cheklanmaydi. U gazoyl, yengil distillyatlar, bitum, toluol va ksilol eksportini ham qamrab oladi.
Hukumat qarori bilan amalga oshiriladigan maxsus yetkazib berishlar hamda insonparvarlik yuklari uchun istisnolar saqlab qolinadi.
Qozog‘iston avval ham ichki bozorda yoqilg‘i ta’minotini barqaror saqlash uchun eksportni bir necha bor cheklagan. Amaldagi tartib benzin, dizel va ayrim neft mahsulotlarini avtomobil hamda temiryo‘l orqali olib chiqishni cheklaydi.
Rossiya Qozog‘istondan benzin xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan, ammo Qozog‘iston tomoni rasmiy so‘rov olinmaganini aytgan.































Izohlar 0
…