Yaponiyada 80 million yillik maxluqning yangi turi aniqlandi

Yaponiya olimlari o‘nlab yillar davomida sir saqlanib kelgan toshqotgan qoldiqlar ustidagi yangi tadqiqotlar natijasida dengiz reptiliyalarining ilgari fanga noma’lum bo‘lgan turini aniqlagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Kyodo agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Okayama fan universiteti hamda boshqa ilmiy muassasalar mutaxassislari 1990-yillarda topilgan qadimiy qoldiqlarni qayta tahlil qildi. Ilgari ushbu topilma bo‘r davrida yashagan yirik dengiz yirtqichlari — mozazavrlarga tegishli deb baholangan edi.
Qayd etilishicha, toshqotgan qoldiqlar 1990–1992 yillarda Yaponiyaning Kaydzuka shahri hududidan topilgan va shu vaqtgacha Osaka prefekturasidagi Kisivada Tabiat tarixi muzeyida saqlanib kelgan. Texnik imkoniyatlar yetishmagani sababli ular uzoq yillar davomida chuqur o‘rganilmagan.
So‘nggi yillarda paleontologiya sohasidagi yangi texnologiyalar va ilmiy yutuqlar tufayli mutaxassislar qoldiqlarni tosh qatlamlaridan ehtiyotkorlik bilan ajratib, batafsil tahlil qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Tadqiqotlar jarayonida olimlar hayvonning yuqori jag‘ suyagida ilgari hech bir mozazavr turida qayd etilmagan uchta o‘ziga xos anatomik tuzilmani aniqladi. Shuningdek, taxminan 6 metr uzunlikka ega bo‘lgan ushbu dengiz reptiliyasida boshqa mozazavrlarga xos qon tomirlari o‘tadigan maxsus ariqcha ham mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.
Mutaxassislar aynan shu noyob anatomik xususiyatlar mazkur topilma ilgari fanga ma’lum bo‘lmagan yangi mozazavr turiga mansub bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.
Olimlar qo‘shimcha tadqiqotlar orqali ushbu noyob topilmaning evolyutsiya tarixi va dengiz reptiliyalari rivojlanishidagi o‘rnini yanada aniqlashni rejalashtirmoqda.






























Izohlar 0
…