Chirchiq va Qoradaryo baliqlarida mikroplastik topildi

Chirchiq va Qoradaryo baliqlarida mikroplastik topildi

O‘zbekiston daryolaridagi baliqlar organizmida mikroplastik zarrachalari keng tarqalgani aniqlandi. Olimlar o‘rgangan baliqlarning yarmidan ko‘pida plastik tolalar mavjud bo‘lib, yirik baliqlarda ularning miqdori yanada ko‘proq chiqqan.

Tadqiqot Tomsk davlat universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti va Andijon davlat universiteti olimlari tomonidan o‘tkazildi.

Baliqlarning 60 foizida plastik aniqlandi

Mutaxassislar Sirdaryoning irmoqlari hisoblangan Chirchiq va Qoradaryoda yashaydigan 61 turdagi baliqni tekshirdi.

Natijalarga ko‘ra, o‘rganilgan baliqlarning 60,7 foizi organizmida mikroplastik zarrachalari topilgan.

Har bir baliq organizmida o‘rtacha:

  • 2,61 ta plastik zarrachasi;

  • qariyb 11,5 mikrogramm plastik aniqlangan.

Asosiy qismi juda ingichka tolalar

Baliqlardan topilgan plastiklarning katta qismi juda ingichka mikrotolalardan iborat bo‘lgan.

Qoradaryoda aniqlangan zarrachalarning 89,7 foizi, Chirchiqda esa 93 foizi aynan shunday tolalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Olimlar jami 15 turdagi plastikni aniqladi. Ular orasida eng ko‘p uchraganlari:

  • polietilentereftalat;

  • polipropilen;

  • poliamid;

  • viskoza tolalari.

Viskoza to‘qimachilik sanoatida keng ishlatiladigan yarim sintetik material hisoblanadi.

Plastik baliqqa qanday zarar yetkazadi?

Mutaxassislarning tushuntirishicha, mikroplastik baliqlarga ikki yo‘l bilan zarar yetkazishi mumkin.

Birinchi holatda qattiq tolalar hazm qilish tizimining shilliq qavatini shikastlaydi. Bu baliq ishtahasining pasayishi va rivojlanishining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.

Ikkinchi xavf plastik tarkibidagi zaharli qo‘shimchalar va monomerlar bilan bog‘liq. Ular baliqlarning endokrin hamda immun tizimi faoliyatini buzishi ehtimoli bor.

Plastik barcha turdagi baliqlarda uchradi

Tadqiqotchilar baliqlarning turi, jinsi yoki oziq zanjiridagi o‘rniga qarab sezilarli farq topmadi.

Mikroplastik turli xil baliqlarda birdek aniqlangan. Bu esa ifloslanish muayyan bir tur emas, butun suv ekotizimiga ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi.

Yirik baliqlarda plastik ko‘proq

Olimlar bir muhim qonuniyatni tasdiqladi: baliq qanchalik yirik bo‘lsa, uning organizmida plastik zarrachalari shunchalik ko‘p to‘planadi.

Bu holat baliqlar uzoq vaqt davomida ifloslangan muhitda yashashi va ko‘proq oziq iste’mol qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot natijalari Chirchiq va Qoradaryodagi plastik ifloslanishi faqat tabiat uchun emas, balki ushbu suv havzalaridan foydalanadigan insonlar uchun ham jiddiy ogohlantirish ekanini ko‘rsatmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar