AQSHda ayol qizi va to‘rt nabirasini nega o‘ldirdi?

AQSHning Nyu-York shtatida bir oilaning olti a’zosi halok bo‘lgan mudhish voqea jamoatchilikni larzaga soldi. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 64 yoshli ayol o‘z qizi va to‘rt nafar nabirasini zaharlab o‘ldirganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.
Daily Star nashrining xabar berishicha, fojia qo‘shnilardan birining xavotiri ortidan fosh bo‘lgan. U bir necha kundan buyon qo‘shnilarini ko‘rmagani uchun ularning uyiga borgan, biroq eshik taqilganiga qaramay, hech kim javob bermagan. Shundan so‘ng politsiya xodimlari bino ma’muriyati yordamida xonadonga kirib, bir oilaning olti nafar a’zosini jonsiz holda topgan.
Qurbonlar orasida 44 yoshli ayol hamda uning 13, 11 va 10 yoshli to‘rt nafar farzandi bo‘lgan. Tergovchilarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, gumonlanuvchi ularni dori vositalari orqali zaharlagan. Hodisa joyidan ko‘p miqdordagi dori-darmonlar va qo‘lyozma xat ham topilgan.
Mutaxassislardan biri bolalardan biri o‘tkir jism ta’sirida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmagan. Hozirda toksikologik va sud-tibbiy ekspertizalar davom etmoqda. Rasmiylar o‘limning aniq sabablari bo‘yicha yakuniy xulosa hali tayyor emasligini ma’lum qildi.
Tergov jarayonida hodisaga boshqa shaxslar aloqador bo‘lganini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqeani oilaviy mojaro oqibati sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozishicha, bolalarning otasi yaqin kunlarda farzandlarini vaqtincha o‘z qaramog‘iga olish huquqini qo‘lga kiritishi kerak edi. Bu qaror gumonlanuvchi ayolning keskin noroziligiga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Farzandlaridan ayrilgan ota esa yuz bergan fojiani so‘z bilan ifodalash qiyinligini ta’kidlab, bir lahzada hayoti butunlay o‘zgarib ketganini aytgan. Hozirda ushbu mudhish voqea yuzasidan keng qamrovli tergov harakatlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…