15 yil ishlagan tibbiyot xodimlari uy-joy subsidiyasidan foydalanishi mumkin

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil mehnat qilgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida yangi subsidiya tartibi joriy etildi.
Bu hukumatning 2026 yil 12 iyundagi 310-son qarori bilan tasdiqlandi. Unga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning boshlang‘ich badalining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali ma’lum qildi.
Yangi tartibga muvofiq, fuqarolar ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, O‘zbekistonning istalgan hududidagi birlamchi uy-joy bozoridan subsidiya dasturi doirasida ipoteka krediti asosida xonadon xarid qilishi mumkin.
Subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.
Nomzodlarni baholash jarayonida ularning ayni paytda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani hamda ushbu tizimda kamida 15 yillik mehnat stajiga ega ekani tasdiqlanishi lozim.
Qarorga ko‘ra, subsidiya har bir oilaga faqat bir marta, ya’ni er yoki xotindan faqat bittasiga ajratiladi. G‘oliblar har chorak uchun belgilangan kvota doirasida barcha mezonlarga javob bergan nomzodlar orasidan onlayn tarzda tasodifiy tanlash usuli orqali aniqlanadi.
Har chorakda 125 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimi ushbu subsidiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Subsidiya ajratilgani to‘g‘risidagi xabarnomani olgan g‘olib ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun qurilish (pudrat) tashkiloti bilan dastlabki shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.






























Izohlar 0
…