Chaqaloqlarda issiqlik toshmasi nega paydo bo‘ladi? Mutaxassis tavsiyalari

Chaqaloqlarda issiqlik toshmasi nega paydo bo‘ladi? Mutaxassis tavsiyalari

Yozning issiq kunlarida chaqaloqlar orasida eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri — issiqlik toshmasidir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu holat, ayniqsa, yangi tug‘ilgan go‘daklarda tez-tez kuzatiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy xodimi Noiba Azimovaning aytishicha, chaqaloqlarda tana haroratini boshqaruvchi mexanizmlar hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Shu bilan birga, ularning terisi juda nozik va ta’sirlarga sezgir bo‘lgani sababli issiq havo hamda ortiqcha namlik terida toshmalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Issiqlik toshmasi odatda badan terisida mayda qizil, pushti yoki oq rangdagi pufakchalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu toshmalar ko‘pincha bo‘yin, qo‘ltiq osti, chov sohasi va kiyim tanaga zich tegib turadigan joylarda uchraydi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, kasallik rivojlanishiga issiq va dim havo, yuqori namlik, sintetik matodan tikilgan kiyimlar hamda ortiqcha vazn kabi omillar sabab bo‘lishi mumkin.

Agar farzandingizning terisida shunday toshmalarni sezsangiz, o‘zbilarmonlik bilan davolanishga urinmasdan, dermatolog yoki pediatrga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.

Davolash jarayonida terini quruq saqlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois krem o‘rniga ortiqcha namlikni o‘ziga singdiradigan va terining erkin nafas olishiga yordam beradigan maxsus kukunlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Yig‘layotgan chaqaloqni oq vannada qo‘llar bilan cho‘miltirishmoqda.

Shuningdek, bolani cho‘miltirish vaqtida suvga moychechak damlamasi qo‘shish foydali hisoblanadi. Cho‘milgandan so‘ng esa go‘dakning badanini yumshoq sochiq bilan ehtiyotkorlik bilan artib, tarkibida talk, kraxmal yoki rux bo‘lgan kukun sepish tavsiya etiladi. Bunday vositalar terini quruq saqlashga yordam berib, infeksiya rivojlanishining oldini olishga ko‘maklashadi.

Mutaxassislar issiqlik toshmasining oldini olish uchun chaqaloqlarga sintetik kiyimlar kiydirmaslikni tavsiya etadi. Chunki bunday matolar havo almashinuvini cheklaydi va terining ta’sirlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Buning o‘rniga paxta, zig‘ir yoki jun kabi tabiiy tolalardan tayyorlangan kiyimlarni tanlash maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, bolalar xonasidagi havo haroratini +20 °C atrofida ushlab turish, gigiyena qoidalariga rioya qilish hamda chaqaloqni muntazam cho‘miltirib turish issiqlik toshmalari xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar