Lacetti, Kia K5 va Zeekr ishtirokidagi YTH bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi, jumladan, ikki nafar bola jarohat oldi, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB.
Hodisa 30 iyun kuni ertalab soat 05:10 atrofida Amir Temur va Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida yuz bergan. YTHda Lacetti, Kia K5 va Zeekr avtomobillari ishtirok etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Lacetti haydovchisi qayrilmoqchi bo‘lgan vaqtda yuqori tezlikda harakatlangan Zeekr uni aylanib o‘tgani, ortidan kelgan Kia K5 esa to‘qnashuvdan qochib ulgurmagani ko‘rinadi. Zarba oqibatida Lacetti ikki qismga bo‘linib ketgan.
Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, Lacetti salonida bo‘lgan ikki kishi vafot etgan. Yana uch nafar yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kia K5 va Zeekr avtomobillarini voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari boshqargan. Katta ehtimol bilan ular o‘zaro poyga uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Kia K5 rulida bo‘lgan o‘quvchi mashinani otasidan so‘ramasdan olib chiqqanini aytgan. U voqea uchun marhumlarning yaqinlari, ota-onasi va jamoatchilikdan uzr so‘ragan.

Zeekr haydovchisi esa hodisa joyidan ketib qolganini tan olgan. Uning aytishicha, voqeadan keyin shok holatida uyiga ketgan.
Mazkur holat yuzasidan jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Unda mahalla faollari, o‘quvchilar tahsil olgan maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar ishtirok etgan.
Hodisa bo‘yicha Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu modda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan holatlarni nazarda tutadi.
Ish bo‘yicha tergov guruhi tuzilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.































Izohlar 0
…