Kosmosda miyamizga nima bo‘ladi? Olimlar aniqlagan hayratlanarli haqiqat

Kosmosda miyamizga nima bo‘ladi? Olimlar aniqlagan hayratlanarli haqiqat

Inson organizmi milliardlab yillik evolyutsiya davomida Yerning odatiy tortishish kuchi – gravitatsiya sharoitiga moslashib kelgan. Shu bois koinotga parvozlar ilk bor boshlangan davrda olimlarni bir savol qattiq o‘ylantirardi: vaznsizlik muhitida inson organizmiga, ayniqsa, miyada nima yuz beradi? Qon aylanishi buziladimi, suyaklar yemiriladimi yoki miyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatadimi?

1950-yillar oxirida sichqonlar, o‘rgimchaklar va itlar ishtirokida o‘tkazilgan tajribalar tirik organizmlar kosmosda yashay olishini ko‘rsatdi. Keyinchalik insonlar ishtirokidagi parvozlar esa odam nafaqat tirik qolishi, balki yangi muhitga moslasha olishini ham isbotladi.

Yevropa kosmik agentligi (ESA) astronavti Luka Parmitano kosmosda inson tanasi bir necha hafta ichida sezilarli darajada o‘zgarishini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuz yumaloqlashadi, oyoqlar ingichkalashadi va inson o‘z tanasini mutlaqo boshqacha his qila boshlaydi. Parmitano buni organizmning vaznsizlikka tabiiy moslashuvi deb baholaydi.

Biroq kosmos insonning nafaqat mushaklari va suyaklariga, balki miyasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Yerda har bir harakat gravitatsiyani yengish bilan bog‘liq bo‘lsa, kosmosda bunday ehtiyoj qolmaydi. Natijada suyaklar kalsiy yo‘qota boshlaydi, mushaklar zaiflashadi, yurakda ham muayyan o‘zgarishlar kuzatiladi. Shuningdek, tanadagi suyuqliklar yuqori qismiga siljishi sababli astronavtlarning yuzi shishganday ko‘rinadi.

Shuning uchun Xalqaro kosmik stansiyada xizmat qiladigan astronavtlar har kuni ikki soatga yaqin mashq qilishga majbur. Shunga qaramay, olti oylik parvozdan keyin Yerga qaytgan astronavtlar kapsuladan mustaqil chiqa olmaydi va nosilkalarda olib chiqiladi. Ular suyaklarining to‘liq tiklanishi uchun esa ba’zan to‘rt yilgacha vaqt talab etiladi.

Astronavt xalqaro koinot stansiyasi ichida tadqiqot o‘tkazmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, inson organizmidagi eng muhim a’zo — bu miyadir. ESA parvoz jarrohi Alessandro Alchibiadening ta’kidlashicha, agar inson kosmosga sog‘lom va samarali ishlaydigan miya bilan bormasa, boshqa barcha tayyorgarliklar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.

Shu kungacha kosmosning miyaga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar cheklangan sondagi astronavtlarda o‘tkazilgan. Masalan, amerikalik astronavt Skott Kelli bir yil davomida Xalqaro kosmik stansiyada bo‘lgan, uning egizak akasi Mark Kelli esa Yerda qolgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, parvoz paytida Skottning kognitiv qobiliyatlarida katta o‘zgarish kuzatilmagan, ammo Yerga qaytgach, taxminan olti oy davomida ular ma’lum darajada pasaygan.

Yaqinda Frontiers in Psychology jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqotda Buyuk Britaniyadagi Birkbek universiteti olimlari 377 nafar ishtirokchi qamrab olingan 15 ta miya tasvirlash tadqiqotini tahlil qildi. Ular orasida astronavtlar ham, Yerda kosmos sharoitini taqlid qiluvchi tajribalarda qatnashgan ko‘ngillilar ham bo‘lgan.

Olimlar xulosasiga ko‘ra, vaznsizlik sharoitida inson miyasi ham jismoniy va funksional jihatdan qayta moslashadi. Xususan, harakat, muvozanat, fazoviy yo‘nalish va tanani his qilish uchun mas’ul bo‘lgan miya qismlarida o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu esa inson miyasi gravitatsiyani doimiy tashqi signal sifatida qabul qilishi va unga tayanib ishlashini ko‘rsatadi.

Professor Eliza Rafaella Ferrening ta’kidlashicha, inson hatto bir finjon qahvani ko‘tarishda ham miya avtomatik tarzda Yer gravitatsiyasini hisobga oladi. Kosmosda esa bu mexanizm qayta «sozlanishi» kerak bo‘ladi.

Bu moslashuv astronavtlar uchun zarur hisoblansa-da, u vaqt talab qiladi. Olimlar buni «Appolon» dasturi ishtirokchilari misolida ham kuzatgan. Oy yuzasida yurish paytida ularning harakatlari noqulay va beqaror bo‘lgan. Buning sababi nafaqat og‘ir skafandrlar, balki miyaning yangi gravitatsiya muhitiga hali to‘liq moslashmaganida edi.

Niqobdagi ayol skafandr kiygan kosmonavtga dubulg‘asini kiyishga yordam bermoqda.

Kelajakda Oy va Marsga uzoq muddatli ekspeditsiyalar amalga oshirilganda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Masalan, Marsga sakkiz oylik parvozdan keyin astronavtlar vaznsizlikka to‘liq moslashgan bo‘ladi. Shunday sharoitda Marsning Yernikidan uch baravar kam gravitatsiyasiga o‘tish ham jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Bu esa qo‘nish, harakatlanish va muhim qarorlar qabul qilish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

Olimlar bu muammoni hal qilish uchun sun’iy gravitatsiya yaratadigan aylanuvchi kosmik kemalar yoki markazdan qochma kuch hosil qiluvchi tizimlarni eng yaxshi yechim deb hisoblaydi. Biroq bunday texnologiyalarni amalga oshirish juda qimmatga tushadi.

Shu bilan birga, professor Ferre miyaning gravitatsiyani his qiluvchi qismlarini kuchsiz elektr impulslari orqali rag‘batlantirish bo‘yicha yangi usullarni ham ishlab chiqmoqda. Olimlar ishonch bildirishicha, kelajakda bu kabi texnologiyalar insonning kosmosda yangi muhitga tezroq moslashishiga yordam beradi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, kosmosga parvoz qilish nafaqat insoniyat oldidagi eng katta ilmiy sinovlardan biri, balki inson miyasi qanday ishlashi va tashqi muhitga qanday moslashishini chuqurroq o‘rganish uchun ham beqiyos imkoniyat hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar