AQSHlik talaba halok bo‘lgan YTH bo‘yicha o‘zbekistonlik haydovchiga ayblov qo‘yildi

AQSHlik talaba halok bo‘lgan YTH bo‘yicha o‘zbekistonlik haydovchiga ayblov qo‘yildi

AQSHning Ogayo shtatida 5 iyul kuni o‘zbekistonlik haydovchi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bir insonning o‘limi bilan yakunlandi. Yuk mashinasi bilan yengil avtomobil to‘qnashuvi oqibatida Honda Accord haydovchisi, 21 yoshli Tobias Forsayt voqea joyida halok bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, yuk mashinasini 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Behzod Asrarov boshqargan. U 2024 yilda diversifikatsion viza (Green Card) dasturi orqali AQSHga kelgan. Asrarov yuk mashinasini boshqarish uchun zarur haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan, biroq ingliz tilini bilmagani sababli patrul xodimlari bilan Google Translate orqali muloqot qilgan.

Hozircha Behzod Asrarovga 21 yoshli yigitning o‘limi bo‘yicha ayblov e’lon qilinmagan. Biroq u ashyoviy dalillarni yashirish yoki yo‘q qilishga urinish gumoni bilan tergov qilinmoqda.

Tergov materiallariga ko‘ra, politsiya xodimlari Freightliner yuk mashinasini ko‘zdan kechirayotganda kabinada videoregistrator o‘rnatmasi mavjudligi, ammo kameraning o‘zi joyida yo‘qligini aniqlagan. Google Translate orqali muloqotdan so‘ng Asrarov kamerani o‘ng cho‘ntagiga solib qo‘yganini ko‘rsatgan.

Shundan keyin unga dalillarni yashirish yoki yo‘q qilishga urinish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Shuningdek, uning yonidan uchta mobil telefon va elektron yuk plansheti ham topilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda va keyinchalik unga nisbatan qo‘shimcha ayblovlar ham e’lon qilinishi mumkin.

Halok bo‘lgan Tobias Forsayt Massachusets universitetida darvozabon bo‘lib ishlagani ma’lum qilindi.

Hodisaga munosabat bildirgan AQSH transport vaziri Shon Daffi ingliz tilini tushunmaydigan haydovchilarga mamlakatda og‘ir yuk mashinalarini boshqarishga ruxsat berilmasligi kerakligini ta’kidladi.

«Biz yo‘l belgilari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan muloqot qila olmaydigan haydovchilarga Amerika avtomagistrallarida 80 ming funt (taxminan 36 tonna) vazndagi transport vositalarini boshqarishga ruxsat bera olmaymiz», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida xavfli haydovchilarni yo‘llardan chetlatish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar