OpenAI oʻzining Atlas brauzerini yopmoqda: Sunʼiy intellekt agentlari yangi bosqichga chiqadi

Sunʼiy intellekt olamining yetakchisi OpenAI kompaniyasi oʻtgan yilning oktabr oyida taqdim etilgan Atlas loyihasini toʻxtatishga qaror qildi. ChatGPT tizimiga asoslangan ushbu innovatsion brauzer foydalanuvchilarga internetda ishlashning mutlaqo yangi usullarini taklif qilishi kutilayotgan edi. Biroq kompaniya strategiyasining oʻzgarishi loyihaning mustaqil mahsulot sifatida yashab qolishiga imkon bermadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Atlas loyihasining yopilishi OpenAI rahbariyati, xususan, ilovalar boʻyicha direktor Fidji Simo tomonidan ilgari surilgan yangi siyosat natijasidir. Uning koʻrsatmasiga koʻra, kompaniya asosiy eʼtiborni chalgʻituvchi “yordamchi loyihalar”an koʻra, ChatGPT ekotizimini rivojlantirishga qaratishi lozim. Avvalroq xuddi shu sabab bilan Sora video-generatsiya vositasi ustidagi ishlar ham biroz sekinlashtirilgan edi.
Brauzer emas, balki funksiya
The Verge va boshqa nufuzli nashrlarning maʼlumotiga koʻra, OpenAI brauzer bozorida Google Chrome kabi gigantlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatlashishdan voz kechgan. Buning oʻrniga kompaniya Atlas texnologiyalarini mavjud platformalarga integratsiya qilish yoʻlini tanladi. Yaʼni, brauzer alohida manzil emas, balki ChatGPT ichidagi foydali funksiyaga aylanmoqda.Endilikda Atlas’ning agentlik imkoniyatlari (foydalanuvchi nomidan murakkab vazifalarni bajarish qobiliyati) ChatGPT’ning desktop ilovasi va Google Chrome uchun maxsus kengaytmasiga koʻchiriladi. Bu foydalanuvchilarga oʻzlari oʻrganib qolgan muhitni tark etmasdan, sunʼiy intellektning barcha imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Yangi imkoniyatlar va raqobat
OpenAI tomonidan taqdim etilgan yangi Google Chrome kengaytmasi Google’ning oʻziga xos “jovobi” boʻlgan Gemini Side Panel bilan toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatga kirishadi. Ushbu kengaytma yordamida foydalanuvchilar quyidagi amallarni bajarishlari mumkin:- Ochiq turgan veb-sahifa mazmuni boʻyicha savollar berish;
- Uzun maqolalarni qisqa tezislar shakliga keltirish;
- Sahifadagi maʼlumotlar asosida murakkab tahliliy vazifalarni bajarish;
- Veb-saytlar bilan ChatGPT interfeysi orqali muloqot qilish.
Hozirda Perplexity kompaniyasi Comet, The Browser Company esa Dia loyihalari bilan brauzerlar bozorini qayta shakllantirishga urinmoqda. OpenAI esa ushbu “brauzerlar urushi”da oʻziga xos yoʻlni tanlab, Chrome foydalanuvchilarini tortib olishdan koʻra, ularning ish jarayoniga ChatGPT’ni chuqurroq singdirishni maqsad qilgan.






























Izohlar 0
…