11 milliard dollarga qurilayotgan sirli orol nimasi bilan ajralib turadi?

Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida umumiy qiymati qariyb 10,9 milliard dollar bo‘lgan ulkan loyiha — inson salomatligi va farovon turmushiga mo‘ljallangan Fahid oroli barpo etilmoqda. Loyihani 2029 yilda to‘liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Loyiha Abu Dabi hukumatiga qarashli Aldar Development kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya vakillari ta’kidlashicha, oroldagi har bir bino, infratuzilma va hudud insonning jismoniy hamda ruhiy salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda loyihalashtirilgan.
2,7 million kvadrat metr maydonni egallaydigan orolda 6 mingdan ziyod turar joy, zamonaviy kvartiralar, premium villalar, savdo nuqtalari, plyaj klublari va suv sporti markazlari barpo etiladi. Uy-joylarning narxi 517 ming dollardan boshlanib, 2 million dollargacha yetadi.
Fahid orolining markaziy qismi orqali uzunligi 10 kilometr bo‘lgan Berm parki o‘tadi. U yerda yugurish va velosiped yo‘laklari tashkil etiladi. Shuningdek, ichki yo‘llarning 70 foizdan ortig‘i soyali hududlardan iborat bo‘lib, aholining piyoda harakatlanishi uchun qulay muhit yaratiladi.
2028 yilda orolda Buyuk Britaniyaning mashhur King‘s College School Wimbledon xususiy maktabi filiali ish boshlaydi. U sog‘lom ta’lim muhitini ta’minlash bo‘yicha xalqaro Fitwel sertifikatiga ega ilk maktab sifatida faoliyat yuritadi.
Fahid orolining o‘zi ham Fitwel tizimida eng yuqori — uch yulduzli reytingni qo‘lga kiritgan dunyodagi birinchi loyihaga aylandi. Bunda jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish, ruhiy barqarorlik va kasalliklarning oldini olish kabi muhim mezonlar inobatga olingan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu loyiha kelajakda inson salomatligiga yo‘naltirilgan shaharsozlikning yangi namunasi sifatida e’tirof etilishi mumkin.






























Izohlar 0
…