Belarus hibsxonasida o‘zbekistonlik ayolning farzandi dunyoga keldi

Belarusdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayolning farzandi dunyoga keldi. Keyinchalik chaqaloq barcha zarur huquqiy va konsullik tartib-taomillari bajarilganidan so‘ng O‘zbekistonga olib kelinib, yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15 may kuni Ombudsman tashabbusi bilan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Minsk shahridagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Uchrashuv chog‘ida muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi homilador ekanini, farzandi tergov hibsxonasi sharoitida dunyoga kelgach, uni zarur darajada parvarish qilish imkoniyatlari cheklanganini ma’lum qilgan. Shu bois u chaqaloqning O‘zbekistonda yashovchi yaqin qarindoshlari qaramog‘ida bo‘lishini istashini bildirib, farzandi tug‘ilganidan keyin uni belgilangan tartibda O‘zbekistonga qaytarish va oilasi bag‘riga yetkazishda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olingan. Farzand tug‘ilganidan so‘ng tegishli davlat idoralari, O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi hamda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda barcha zarur huquqiy va konsullik jarayonlari amalga oshirilgan.
Natijada chaqaloqni O‘zbekistonga qaytarish uchun kerakli hujjatlar rasmiylashtirildi. Joriy yil iyul oyida esa bola yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirilib, O‘zbekistonga olib kelindi.
Ombudsman ushbu jarayon xorijda turli sabablarga ko‘ra og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, bolalarning manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tegishli tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilganini ta’kidladi.






























Izohlar 0
…