Sun’iy intellektli ko‘zoynak imtihonda ilk jinoiy ishga sabab bo‘ldi

Sun’iy intellektli ko‘zoynak imtihonda ilk jinoiy ishga sabab bo‘ldi

Janubiy Koreyada milliy malaka imtihonida sun’iy intellekt texnologiyasiga ega aqlli ko‘zoynakdan foydalanish bilan bog‘liq mamlakat tarixidagi ilk jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, may oyida 40 yoshlar atrofidagi erkak yong‘in xavfsizligi muhandisi sertifikatini olish uchun o‘tkazilgan imtihonda SI imkoniyatlariga ega aqlli ko‘zoynakdan foydalanganlikda gumon qilingan.

Imtihon vaqtida nazoratchilar ko‘zoynak linzasidan g‘ayrioddiy yorug‘lik qaytayotganini payqab, ishtirokchini tekshirishgan. Keyingi surishtiruvlarda erkak aybini tan olib, ushbu qurilma uchun sun’iy intellekt ilovasini shaxsan o‘zi ishlab chiqqanini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsad dasturni haqiqiy imtihon sharoitida sinab ko‘rish bo‘lgan.

Kvanju okrug prokuraturasi mazkur holat yuzasidan “Milliy texnik malaka to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzish moddasi bilan jinoyat ishini ochgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu kabi holat yagona emas. May oyida Seul va Mokpo shaharlarida ham milliy texnik malaka imtihonlarida sun’iy intellektli aqlli ko‘zoynaklardan foydalanishga uringan ikki nafar yosh fuqaro aniqlangan.

Shuningdek, shunga o‘xshash qurilmalar xalqaro TOEIC ingliz tili imtihonlarida ham qayd etilgan. Bunday holatlardan ikkitasi may oyida, yana biri esa iyun oyida fosh qilingan.

Yuz bergan voqealardan so‘ng Janubiy Koreyada imtihon xavfsizligi talablarini kuchaytirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Imtihonlarni tashkil etuvchi idoralar sun’iy intellektli aqlli ko‘zoynaklarni rasman taqiqlangan qurilmalar ro‘yxatiga kiritish va ulardan foydalanganlarga nisbatan jazoni og‘irlashtirish taklifini muhokama qilmoqda.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, bunday aqlli ko‘zoynaklar oddiy kamerali qurilmalardan farqli ravishda tasvirga tushgan matnni tahlil qiladi, savollarni sun’iy intellekt tizimiga yuboradi va tayyor javoblarni ekran yoki audio orqali foydalanuvchiga yetkazib bera oladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar