96 yoshida Ginnes rekordiga kirgan fudbloger barchani hayratga soldi

AQSHda yashovchi 96 yoshli Eylin Chin pazandachilik retseptlarini namoyish etuvchi dunyodagi eng keksa fudbloger sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin oldi. Bu haqda «Pravilamag» nashri ma’lum qildi.
Eylin Chin so‘nggi uch yil davomida nabirasi Lukas Vong bilan hamkorlikda turli taomlar tayyorlash jarayoni aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarda muntazam e’lon qilib kelmoqda. U yangi retseptlarni ixtiro qilish o‘rniga, yillar davomida asrab kelgan sarg‘aygan pazandachilik kitobidan foydalanadi va undagi an’anaviy taomlarni zamonaviy auditoriyaga taqdim etadi.
Asli Yamaykada tug‘ilgan Eylin Chinning blogida asosan ushbu mamlakat milliy oshxonasiga xos taomlar o‘rin olgan. Shu bilan birga, u turli xil sho‘rvalar, shirinliklar va uy sharoitida tayyorlash mumkin bo‘lgan mazali retseptlarni ham tomoshabinlar bilan bo‘lishadi. Videolarida esa yamaykaliklarga xos bo‘lgan «Mi rahtid!» («Xudoyim-ey!») iborasini tez-tez ishlatishi uning o‘ziga xos uslubiga aylangan.

«Pazandachilik sohasida to‘plagan ko‘p yillik tajriba va bilimlarimni keyingi avlod vakillariga yetkazish menga katta quvonch bag‘ishlaydi», — deydi Eylin Chin.
U ilk bor 5 yoshida taom tayyorlashni boshlagan. Keyinchalik bu qiziqish oilaviy mashg‘ulotga, so‘ng esa biznesga aylangan. 1950 yillarda turmush o‘rtog‘i bilan Yamaykaning Sent-Mari orolida novvoyxona ochgan, ortiqroq vaqt o‘tgach esa AQSHning Mayami shahriga ko‘chib o‘tgan.
Bugungi kunda Eylin Chinning turli ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari jami 3 milliondan ortiq obunachiga ega. U 2026 yil mart oyida, 96 yoshu 89 kunligida, rasman dunyodagi eng keksa fudbloger sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Uning faoliyati yosh cheklov emasligini va sevimli mashg‘ulot bilan istalgan yoshda ham muvaffaqiyat qozonish mumkinligini yana bir bor isbotladi.






























Izohlar 0
…