Estoniyada yuzlab kompaniyalar qulamoqda: millionlab yevro yo‘qotildi

Estoniyada yuzlab kompaniyalar qulamoqda: millionlab yevro yo‘qotildi

Estoniyada biznes va aholi o‘rtasida to‘lovga qobiliyatsizlik, ya’ni bankrotlik holatlari so‘nggi yillarda keskin oshib bormoqda. Bu haqda mamlakat To‘lovga qobiliyatsizlik xizmati rahbari Signe Viimsalu bosh vazir Kristen Mihalga yo‘llagan rasmiy xatida ma’lum qildi.

Viimsaluning ta’kidlashicha, bankrotlik holatlarining keng ko‘lamda ortishi nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy barqarorlik va davlat institutlari faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uning fikricha, bu jarayon mamlakatning ichki xavfsizligi uchun ham xavf tug‘diradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki olti oyida mol-mulki mavjud bo‘lmagan 126 ta bankrot kompaniya sababli kreditorlar 50 million yevrodan ortiq mablag‘ini qaytarib ololmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yil davomida bunday kompaniyalar soni 192 tani tashkil etgan bo‘lib, ular yetkazgan moliyaviy zarar qariyb 74 million yevroga yetgan. Bu esa undan avvalgi yilga nisbatan 52 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

Ayni paytda har bir mol-mulksiz bankrot kompaniyaning o‘rtacha to‘lanmagan qarzi 400 ming yevroga yetgan. Uch yil avval bu raqam 100 ming yevrodan kam bo‘lgan. Mutaxassislar qayd etishicha, ko‘plab holatlarda kreditorlar o‘z mablag‘larini umuman qaytarib ololmayapti.

Bankrotlik oqibatlari davlat budjetiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025 yilda Ishsizlikdan sug‘urtalash jamg‘armasi mol-mulki bo‘lmagan kompaniyalar xodimlariga 1 million yevrodan ortiq kompensatsiya to‘lab bergan. Biroq amaldagi qonunchilik ushbu mablag‘ni kompaniya rahbarlaridan undirish imkonini bermaydi.

To‘lovga qobiliyatsizlik xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, Estoniya biznes sektorida yashirin bankrotlik hajmi taxminan 18 milliard yevroga yetgan. Signe Viimsaluning ogohlantirishicha, bu holat ijtimoiy tengsizlik va jinoyatchilikning kuchayishi, muhim korxonalar ishining izdan chiqishi, moliya tizimi barqarorligining susayishi, tashqi ta’sirlar xavfining ortishi hamda davlat institutlariga bo‘lgan ishonchning pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar