Desertga chumoli qo‘shgan mashhur oshpaz qamoqqa tushishi mumkin

Janubiy Koreyada Michelin yulduziga ega mashhur restoran egasi desertlarni chumoli bilan bezatib mijozlarga taqdim etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Mahalliy OAV ma’lum qilishicha, prokuratura unga bir yillik qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan.
Shuningdek, ikki Michelin yulduziga ega restoranga nisbatan 20 million koreya voni (taxminan 13,5 ming dollar) miqdorida jarima qo‘llash ham talab qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra, inson iste’moli uchun ruxsat berilgan hasharotlar ro‘yxatiga chumolilar kirmaydi. Ruxsat etilgan turlar qatorida chigirtkalar, cho‘l chigirtkalari va ikki dog‘li kriket kabi hasharotlar mavjud.
Restoran egasi sudda chumolilar haqiqatdan ham taomlarda qo‘llanganini tan olgan. Biroq uning ta’kidlashicha, ular restoranning 15 ta taomdan iborat menyusida faqat desert — sorbet uchun kichik bezak sifatida ishlatilgan. Shuningdek, mehmonlarga chumoli o‘rniga boshqa qo‘shimchalarni tanlash imkoniyati ham berilgan.
Mazkur holat Oziq-ovqat va dori vositalari xavfsizligi vazirligi mutaxassislari internetda e’lon qilingan mijozlar fikrlari va taom suratlarini o‘rgangach ma’lum bo‘lgan. Rasmlarda desertlar ustiga chumolilar sepilgani aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, restoran to‘rt yil davomida AQSH va Tailanddan olib kelingan qariyb 49 mingta chumolini bir nechta taom tayyorlashda ishlatgan.
Tekshiruv davomida yana bir jiddiy holat ham aniqlangan. Sog‘liqni saqlash idoralari restoranda ishlatilgan chumolilar tarkibida og‘ir metall miqdori oddiy iste’molga ruxsat berilgan hasharotlarga nisbatan 55 baravargacha yuqori bo‘lganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreyada hasharotlarni oziq-ovqat sifatida tasdiqlashda ularning xavfsizligi, zaharliligi, oziqaviy qiymati hamda sanitariya talablariga muvofiq yetishtirilishi kabi mezonlar hisobga olinadi.
Restoran egasi o‘z himoyasida mijozlarning atigi 60 foizi chumolili desertni tanlaganini, qolganlariga esa fermentlangan sirka yoki yeyish mumkin bo‘lgan gullar bilan tayyorlangan muqobil variantlar taklif etilganini aytdi. Shuningdek, u Avstraliya, Daniya va Buyuk Britaniyadagi ayrim restoranlarda ham chumolilar ingrediyent sifatida qo‘llanilishini misol keltirdi.
Sud hujjatlarida restoran va uning egasi nomi oshkor etilmagan. Hozirgi vaqtda Janubiy Koreyada ikkita Michelin yulduziga ega 10 ta restoran mavjud bo‘lib, ularning barchasi Seul shahrida joylashgan.
Michelin Guide mezonlariga ko‘ra, restoranlarga yulduzlar mahsulot sifati, ta’m, oshpaz mahorati, tayyorlash texnikasi, ijodkorlik va barqaror sifat asosida beriladi. Ikki yulduzga ega muassasalar «ajoyib taomlari uchun alohida tashrifga arziydigan restoran» sifatida baholanadi.
Mazkur ish bo‘yicha sud hukmi 2 sentyabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda. Aytish joizki, chumoli ayrim Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarida iste’mol qilinadi. Masalan, Tailand va Kambojada to‘quvchi chumolilar hamda ularning tuxumlari taom tayyorlashda ishlatilsa, Kolumbiyada ona chumolilar hatto ikra kabi qimmatbaho noz-ne’mat hisoblanadi.






























Izohlar 0
…