Kiberxavfsizlikda yangi davr: Glow startapi 1,2 milliard dollar qiymat bilan bozorga chiqdi

Kiberxavfsizlikda yangi davr: Glow startapi 1,2 milliard dollar qiymat bilan bozorga chiqdi

Sunʼiy intellekt texnologiyalarining shiddatli rivojlanishi kiberxavfsizlik sohasida yangi tahdidlarni yuzaga keltirmoqda. Shu fonda Meta va Snowflake kompaniyalarining sobiq rahbarlari tomonidan asos solingan Glow startapi oʻz faoliyatini ommaga eʼlon qildi. Kompaniya hali daromad koʻrsatkichlarini ochiqlamasdanoq, investorlar tomonidan 1,2 milliard dollarga baholanib, kiberxavfsizlik olamidagi yangi “yunorn”ga (qiymati 1 milliard dollardan oshgan startap) aylandi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Palo-Alto shahrida joylashgan mazkur startap A seriyasidagi investitsiya raundida 180 million dollar mablagʻ jalb etishga muvaffaq boʻldi. Moliyalashtirish jarayonida Sequoia Capital, Cyberstarts, Greenoaks va Redpoint Ventures kabi nufuzli venchur jamgʻarmalari ishtirok etgan. ixbt.com ma’lumotiga ko’ra, ushbu sarmoya korxonalarning xodimlar foydalanadigan qurilmalarini (endpoint) himoya qilish tizimini tubdan oʻzgartirishga yoʻnaltiriladi.

Sun’iy intellekt davrida xavfsizlik muammolari

Bugungi kunda xakerlar fishing hujumlarini avtomatlashtirish, zararli dasturlarni ishlab chiqish va murakkab kiberhujumlarni amalga oshirishda generativ sunʼiy intellektdan keng foydalanmoqda. Ayniqsa, Anthropic kompaniyasi oʻzining Mythos AI modelini taqdim etgach, dasturiy taʼminotdagi zaifliklarni topish va ulardan foydalanish imkoniyatlari kengaygani haqidagi xavotirlar kuchaydi. Glow aynan mana shu yangi turdagi xavflarga qarshi turishni maqsad qilgan.

Glow platformasi kompaniya xodimlarining noutbuklari, serverlari va boshqa ulangan qurilmalarida ishlayotgan dasturiy taʼminotlar, AI-agentlar hamda ishlab chiquvchilar asboblarini nazorat qiladi. Tizim maxsus sunʼiy intellekt agentlari yordamida korporativ muhitni doimiy ravishda xaritaga tushiradi, real vaqt rejimida xavflarni baholaydi va xavfsizlik siyosatini qat’iy nazorat qiladi.

Tajribali jamoa va innovatsion yondashuv

Startapga Meta kompaniyasining sobiq vitse-prezidenti Roi Tiger, Snowflake kiberxavfsizlik strategiyasi rahbari Omer Singer va Claroty tadqiqotlar boʻlimi rahbari Ophir Arie asos solishgan. Roi Tigerning ta’kidlashicha, soʻnggi oʻn yillikda barcha ma’lumotlar bulutli texnologiyalarga koʻchgan boʻlsa, endilikda sunʼiy intellekt bevosita foydalanuvchi qurilmalariga (endpoint) kirib kelmoqda. Bu esa himoya usullarini yangilashni talab etadi.

Hozirda Glow oʻz platformasini quvvatlantirish uchun Anthropic va Google tomonidan taqdim etilgan Gemini modellaridan foydalanmoqda. Shuningdek, startap ushbu modellarning ishonchliligini oshirish va ularni korporativ kontekstga moslashtirish uchun oʻz xususiy dasturiy taʼminotini ishlab chiqqan. Hozirda tizim quyidagi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarmoqda:

  • Zararli npm paketlarining oʻrnatilishini toʻxtatish;
  • Shubhali dasturlarni yuklab olishga urinayotgan AI-agentlarni aniqlash;
  • Xavfsizlik vositalari ishlamayotgan yoki cheklangan qurilmalarni topish.
Glow bozorda CrowdStrike, Microsoft va SentinelOne kabi gigantlar bilan raqobatlashishiga toʻgʻri keladi. Biroq, an’anaviy tizimlar asosan xavf yuzaga kelganidan keyin uni aniqlashga e’tibor qaratsa, Glow xavfli dasturiy ta’minot va AI-agentlarning korporativ muhitga kirishining oldini olishga (preventiv himoya) urgʻu beradi. Hozirda startapning sogʻliqni saqlash, chakana savdo va moliya sohalarida oʻn minglab qurilmalarni qamrab olgan yirik mijozlari mavjud.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar