Elektr ustuniga chiqib olgan ayiq internetni lol qoldirdi

Elektr ustuniga chiqib olgan ayiq internetni lol qoldirdi

AQSHning Nyu-Meksiko shtatida elektr uzatish ustuni tepasida qolib ketgan ulkan ayiq aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, minglab internet foydalanuvchilarini hayratga soldi. G‘ayrioddiy holat aks etgan videolavha qisqa vaqt ichida virusga aylandi va katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Videoning X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingani, keyinchalik esa AQSH Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham qayta ulashilgani ma’lum qilindi. Nashr etilgan lavha o‘n minglab tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Vazirlik o‘z sahifasida hazilomuz izoh ham qoldirib, shunday yozdi: «Biz Amerikaning energetik ustunligini qo‘llab-quvvatlash haqida gapirgan edik, ammo buni nazarda tutmagan edik».

Haqiqiy ekani tasdiqlangan videoda ayiq Nyu-Meksiko shtatining Gladston hududida elektr uzatish ustunining yuqori qismida nafasi tezlashgan holda old panjalari bilan ko‘ndalang temirni mahkam ushlab turgani, orqa oyoqlari esa pastga osilib turganini ko‘rish mumkin.

Videoni tasvirga olgan shaxs 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, «Elektr ustuni tepasida ayiq borligi haqida xabar bermoqchiman», deydi. Dispetcher esa bu haqda avval ham murojaatlar bo‘lganini aytib, «Biz bu haqda Yovvoyi tabiat va baliq resurslari xizmatiga xabar berdik, ammo hozircha ular hech narsa qila olmasligini aytdi», deya javob qaytargan.

Jigarrang ayiq elektr simyog‘ochining tepasiga chiqib olgan.

Operatorning tushuntirishicha, agar mutaxassislar ayiqni tinchlantiruvchi dori bilan uxlatishga urinsa, u balandlikdan qulab tushib halok bo‘lishi ehtimoli juda yuqori bo‘lgan. Shu sababli vaziyatni xavfsiz hal etish oson kechmagan.

Hodisaga guvoh bo‘lgan Shennon Mallens Storyful nashriga aytishicha, u Nyu-Meksikodan Oklaxomaga 56-avtomagistral orqali ketib borayotganida mazkur manzaraga ko‘zi tushgan.

«Dastlab ko‘rganlarimizga ishona olmadik. Shuning uchun ortimizga qaytib, yana bir bor qarashga qaror qildik», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval ayiq o‘lgan, deb o‘ylashgan. Biroq unga yaqinlashgach, jonivor hali tirik ekanini anglashgan.

Afsuski, ma’lum vaqt o‘tgach, ayiq nobud bo‘lgan. Hozircha uning aynan qanday holatda halok bo‘lgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Biroq mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uyg‘otib, yovvoyi hayvonlarni qutqarish imkoniyatlari haqida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar