Yaponiyada odamlar uchun noyob muzlatkich yaratildi

Yaponiyada odamlar uchun noyob muzlatkich yaratildi

Yaponiyada insonlarni qisqa vaqt ichida salqinlatishga mo‘ljallangan Do Hiemon Box nomli noyob qurilma ishlab chiqildi. Japan Today xabariga ko‘ra, tashqi ko‘rinishi muzlatkichni eslatuvchi ushbu kabina faqat bir kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, uni SDRS kompaniyasi yaratgan.

Qurilma ichidagi harorat 15 daraja Selsiyda saqlanadi. O‘rindiqqa o‘tirilganda esa taxminan 5 darajagacha sovitilgan havo bosh, bo‘yin va yelka tomon yo‘naltiriladi. Kompaniya ma’lum qilishicha, besh daqiqa ichida inson o‘zini ancha salqin his qiladi, 10 daqiqa davomida esa tana harorati pasayib, issiqdan charchash alomatlari yengillashadi.

Do Hiemon Box ayniqsa qurilish obyektlari, zavodlar, omborxonalar va ochiq havoda ishlaydiganlar uchun mo‘ljallangan. U havo oqimi va sovitishning uchta rejimiga ega. Haddan tashqari sovib ketishning oldini olish maqsadida qurilma 20 daqiqadan keyin avtomatik ravishda o‘chadi. Shuningdek, u g‘ildiraklar bilan jihozlangan bo‘lib, bir joydan boshqa joyga oson ko‘chiriladi. Qurilma elektr tarmog‘ida ishlaydi va ko‘chma konditsionerga nisbatan taxminan ikki baravar kam energiya sarflaydi.

Hozirda Do Hiemon Box Yaponiyada sanoat uskunalari distribyutorlari orqali sotuvga chiqarilgan. Uning standart modeli 1,5 million iyena (taxminan 9 200 dollar) etib belgilangan.

Bu ixtiro Yaponiyada kuzatilayotgan anomal issiq fonida taqdim etildi. Mamlakatda 40 darajaga yetadigan kunlar uchun «kokushobi» («shafqatsiz issiq kun»), 35 darajadan yuqori harorat kuzatiladigan kunlar uchun esa «moshobi» («ekstremal issiq kun») atamalari qo‘llaniladi. 21 iyul kuni 914 ta kuzatuv nuqtasining qariyb 300 tasida «moshobi» qayd etilgan, Tokioda esa erkaklarga ishga shortida kelish tavsiya etilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar