Volkswagen muhandislari Rivian bilan hamkorlik ortidan noqonuniy daromad koʻrishda ayblandi

AQSH Adliya vazirligi Germaniyaning Volkswagen konsernida ishlovchi ikki nafar muhandisga nisbatan qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq firibgarlik ayblovini eʼlon qildi. Michael Stamp va Marcus Plank ismli mutaxassislar avtogigantning Rivian kompaniyasi bilan tuzgan strategik hamkorligi haqidagi maxfiy maʼlumotlardan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Nyu-York janubiy okrugi prokuraturasi tomonidan eʼlon qilingan ayblov xulosasiga koʻra, muhandislar ushbu insayderlik sxemasi orqali 300 ming dollardan ortiq noqonuniy foyda koʻrgan. Ushbu holat jahon avtomobil sanoatidagi eng yirik kelishuvlardan biri arafasida yuz bergani jamoatchilik eʼtiborini tortdi.
"Project Climb" va maxfiy maʼlumotlar
Tergov materiallarida keltirilishicha, Stamp va Plank Volkswagen va Rivian oʻrtasidagi hamkorlik loyihasi (ichki kodli nomi “Project Climb”) haqida rasmiy eʼlon berilishidan avval xabar topishgan. Ular ushbu maʼlumotdan foydalanib, Rivian aksiyalari va opsionlarini arzon narxda sotib olishgan. 2024-yilning 25-iyun kuni tomonlar elektromobillar uchun dasturiy taʼminot va arxitektura ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma korxona tuzishini eʼlon qilganidan soʻng, Rivian aksiyalari narxi 23 foizga koʻtarilib ketgan.Volkswagen dastlab Rivian kompaniyasiga 5 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi, biroq keyinchalik investitsiya miqdori 5,8 milliard dollarga yetdi. Hozirda Volkswagen ushbu Amerika startapining eng yirik aksiyadoriga aylangan. Aksiyalar narxi keskin koʻtarilganidan soʻng, ayblanuvchilar oʻz ulushlarini sotib, moʻmay daromadni qoʻlga kiritishgan.
Qidiruv tizimidagi shubhali soʻrovlar
Qiziqarli jihati shundaki, gumonlanuvchilar oʻz qilmishlarining noqonuniy ekanini anglashgan. Kelishuv eʼlon qilinishidan sakkiz kun avval Michael Stamp internet orqali “insayderlik savdosi uchun javobgarlikka tortish muddati” haqida maʼlumot qidirgan. Plankning yaqin qarindoshi esa nemis tilida “insayderlik savdosi qanday jazolanadi?” mazmunidagi soʻrovlarni amalga oshirgan.AQSH prokurori Jay Claytonning taʼkidlashicha, bunday harakatlar moliya bozorlarining adolatli va samarali ishlash tamoyillariga putur yetkazadi. “Insayderlik savdosi oddiy investorlarga zarar yetkazadigan va bozorga boʻlgan ishonchni soʻndiradigan jinoyatdir”, deya qoʻshimcha qildi prokuror.
Hozirda San-Xose shahrida istiqomat qiluvchi har ikki muhandis qoʻlga olingan. Agar ularning aybi sudda isbotlansa, federal qonunchilikka koʻra 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Volkswagen va Rivian vakillari hozircha ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berishdan tiyilmoqda.






























Izohlar 0
…