«Petal» klipidan so‘ng Ariana Grandening ozib ketgani muxlislarni xavotirga soldi

Amerikalik xonanda Ariana Grande «Petal» nomli yangi qo‘shig‘iga ishlangan klipi namoyish etilganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markaziga tushdi. Ayrim muxlislar uning juda ozib ketganiga e’tibor qaratib, salomatligi uchun xavotir bildirishdi. Boshqa muxlislar esa insonning tashqi ko‘rinishi va vaznini omma oldida muhokama qilish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, xonandani himoya qilishdi.
Amerikalik xonanda Ariana Grande o‘zining «Petal» qo‘shig‘iga ishlangan yangi klipi namoyish etilganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yana bir bor muhokamalar markaziga aylandi. Ayrim muxlislar san’atkorning tashqi ko‘rinishi, xususan, juda ozib ketganiga e’tibor qaratib, uning salomatligi haqida xavotir bildirishdi.
Klipda Ariana ishga qabul qilish saralovida ishtirok etayotgan qahramon obrazida namoyon bo‘ladi. U «Grease» filmi uslubidan ilhomlangan qora leggins, yelkasi ochiq qora kofta va bo‘yniga bog‘langan shoyi ro‘moldan iborat libosda ko‘ringan. Obrazini retro uslubidagi ko‘zoynak, marvarid taqinchoqlar, qora tufli, yelkasiga tashlangan charm kurtka hamda o‘ziga xos baland dum qilib yig‘ilgan soch turmagi bilan to‘ldirgan. Shuningdek, u navbat kutayotgan boshqa aktrisalar bilan birga raqsga tushgan sahnalar ham klipdan o‘rin olgan.
Xonanda klipdan parchani ijtimoiy tarmoqda «Petal ꕤ 。˚ music video out now» degan izoh bilan e’lon qildi.
Klip e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda Ariananing tashqi ko‘rinishi haqida turli fikrlar bildirildi. Ayrim foydalanuvchilar uning juda ozg‘in ko‘rinayotganini ta’kidlab, bu xavotirli holat ekanini yozishdi. Boshqalar esa xonandaning suyaklari juda yaqqol ko‘rinayotganini qayd etib, uning salomatligi yaxshi bo‘lishidan umid qilishlarini bildirishdi.
YouTube foydalanuvchilaridan biri esa qo‘shiq va klip g‘oyasi yuqori darajada amalga oshirilganini e’tirof etar ekan, eng katta istagi Ariananing sog‘-salomat bo‘lishi ekanini ta’kidladi.
Biroq xonandani himoya qilgan muxlislar ham kam bo‘lmadi. Ular insonning tashqi ko‘rinishi va vazni haqida omma oldida muhokama qilish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, Ariananing hayoti emas, ijodi muhokama qilinishi kerakligini yozishdi. Ayrimlar esa ozg‘in insonni tanqil qilish ham badanni kamsitishning bir ko‘rinishi ekanini eslatdi.
Bu Ariana Grande tashqi ko‘rinishi sabab muhokamalar markaziga tushishi birinchi marta emas. 2024 yilda u intervyulardan biri davomida ayollarga doimo «mukammal ko‘rinish» bosimi o‘tkazilishi haqidagi savolga javob berar ekan, insonning tashqi qiyofasi yoki vazni haqida izoh berish juda noqulay va og‘ir holat ekanini aytgan edi.
«Hatto oilaviy yig‘ilishda ham kimdir “Juda ozib ketibsan, nima bo‘ldi?” yoki “Semiribsan, nima bo‘ldi?” deb so‘rashi mumkin. Menimcha, bu kabi izohlar mutlaqo keraksiz», — degan edi xonanda.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda odamlar boshqalarning tashqi ko‘rinishi, yuzi, tanasi yoki salomatligi haqida bemalol fikr bildirishga odatlanib qolgan va bu juda xavfli holatdir.
2025 yil noyabr oyida Ariana ushbu intervyudan parchani yana bir bor Instagram sahifasida ulashib, uni «hamma uchun mehr bilan qilingan eslatma» deb atagan va insonlarni boshqalarning tashqi ko‘rinishi haqida hukm chiqarmaslikka chaqirgan.






























Izohlar 0
…