Italiyada 40 yildagi eng kuchli zilzila vahima uyg‘otdi

Italiya janubidagi Neapol shahri va uning atrofida 31 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:46 da 4,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo'ldi. Tabiiy ofat oqibatida kamida 21 kishi jarohatlandi va ulardan ikki nafarining ahvoli og'ir ekani ma'lum qilindi. Mutaxassislar bu Potssuoli hududida so'nggi qirq yil ichida kuzatilgan eng kuchli yer silkinishi ekanini ta'kidladi.
Italiya janubida joylashgan Neapol shahri va uning atrofida 31 iyul kuni 4,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida kamida 21 kishi turli darajada jarohat olgan bo‘lib, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekani xabar qilinmoqda.
Milliy geofizika va vulkanologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, yer silkinishi butun Neapol shahrida va ayniqsa, epitsentri Flegrey maydonlari hududida juda kuchli sezilgan. Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 19:46 da qayd etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu Potssuoli hududida so‘nggi qirq yil ichida kuzatilgan eng kuchli zilzila hisoblanadi. Ushbu hududda yer po‘stining sekin ko‘tarilishi va cho‘kishi bilan bog‘liq bradiseysmik faollik qayta boshlanganidan beri bunday kuchli silkinish ilk bor qayd etilmoqda.
Oradan bir necha soat o‘tib, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22:00 da yana 3,8 magnitudali takroriy yer silkinishi sodir bo‘lib, aholi orasida xavotirni yanada kuchaytirgan.
Zilzila oqibatida bir qator turarjoy binolariga zarar yetgan. Shuningdek, yuqori kuchlanishli elektr uzatish ustunining qisman qulashi sabab Fuorigrota va Banoli tumanlarida elektr ta’minoti uzilgan. Xavfsizlik choralari doirasida poyezdlar harakati ham vaqtincha to‘xtatildi.
Bundan tashqari, Solfatara vulqoni atrofida tog‘ yonbag‘rining bir qismi o‘pirilib tushgan. Potssuoli portiga olib boruvchi yo‘llarda katta yoriqlar paydo bo‘lgani bois port faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ayni paytda mahalliy hokimiyat tomonidan favqulodda yordam punktlari tashkil etilgan. Jabrlangan va xavfli hududlardan evakuatsiya qilingan aholiga ichimlik suvi hamda birinchi ehtiyoj buyumlari tarqatilmoqda. Mutaxassislar esa hududda seysmik faollikni doimiy ravishda kuzatishda davom etmoqda.






























Izohlar 0
…