Rossiya bayrog‘i tushirilgan gilamcha o‘zbekistonlik ayolni sudga olib keldimi?

Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarosi Sevara Musayeva uyining kirish qismiga Rossiya davlat ramzlari tasvirlangan gilamchani to‘shagani sababli huquqiy muammoga duch kelishi mumkin. Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi bo‘yicha huquqiy baho berish jarayoni boshlangan bo‘lib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarosi Rossiya davlat ramzlari tasvirlangan gilamchani uyining kirish qismiga to‘shagani ortidan huquqiy muammoga duch kelishi mumkin. Mazkur holat yuzasidan Rossiya qonunchiligi doirasida jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilayotgani xabar qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gap Sevara Musayeva ismli o‘zbekistonlik ayol haqida ketmoqda. U yashab turgan xonadonning eshik oldiga Rossiya davlat bayrog‘i va gerbi tasvirlangan gilamchani to‘shagan. Shu holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini tortgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi — davlat bayrog‘i yoki davlat gerbini haqorat qilish alomatlari bo‘yicha huquqiy baho berish jarayoni boshlangan. Agar jinoyat tarkibi mavjud deb topilsa, ayolga nisbatan rasmiy jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin.
Sevara Musayeva esa bu harakatda hech qanday haqorat yoki kamsitish niyati bo‘lmaganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, gilamchani bir necha kun avval ko‘chadagi chiqindilar orasidan topib olgan, yuvib tozalagach, uyiga olib kirgan. Ayol bu kabi buyumdan foydalanish qonunan javobgarlikka sabab bo‘lishini bilmaganini ham qo‘shimcha qilgan.
Ayni paytda mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ayrim Telegram-kanallar bu xabarning haqqoniyligiga shubha bildirgan bo‘lsa, boshqa manbalar uni dastlab Rossiyaning federal nashrlaridan biri tarqatganini qayd etmoqda.
Hozircha Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari mazkur holat bo‘yicha yakuniy qaror yoki rasmiy tergov natijalarini e’lon qilmagan. Shu bois voqeaning barcha tafsilotlari hali rasman tasdiqlanganicha yo‘q.






























Izohlar 0
…