Toshkentda daydi itlar uchun zamonaviy boshpana barpo etiladi

Toshkentda daydi itlar uchun zamonaviy boshpana barpo etiladi
Qisqacha

Toshkent shahrida qarovsiz itlar bilan ishlashning zamonaviy va tizimli mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadida ixtisoslashtirilgan boshpana tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umrzoqov topshirig‘iga muvofiq o‘tkazilgan maxsus ishchi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Mazkur yig‘ilishda shahar hokimi apparati rahbari, «Hayot» qarovsiz itlar boshpanasi asoschisi va deputat Irina Matkarimova hamda boshqa mas'ul rahbarlar ishtirok etdi.

Toshkent shahrida qarovsiz itlar bilan ishlashning zamonaviy va tizimli mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsadida ixtisoslashtirilgan boshpana tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, shahar hokimi Shavkat Umrzoqov topshirig‘iga muvofiq shahar hokimi apparati rahbari, «Hayot» qarovsiz itlar boshpanasi asoschisi va deputat Irina Matkarimova, obodonlashtirish sohasi hamda qarovsiz jonivorlarni tutish xizmati rahbarlari ishtirokida maxsus ishchi yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish davomida poytaxtda daydi itlar uchun ixtisoslashtirilgan boshpana barpo etish, shuningdek, qarovsiz jonivorlar bilan ishlashning yangi va samarali tizimini joriy qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Hokimlikning ta’kidlashicha, mazkur loyiha faqat boshpana qurish bilan cheklanmaydi. Yangi tizim qarovsiz hayvonlarni xavfsiz va insonparvar usullar orqali tutish, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish, emlash, sterillash, davolash, vaqtincha saqlash hamda ularga yangi egalar topish kabi muhim yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.

Shu bilan birga, qarovsiz hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatning oldini olish, jamiyatda ularga nisbatan mas’uliyatli munosabat madaniyatini shakllantirish va aholi xavfsizligini ta’minlash ham yangi tizimning ustuvor vazifalari sifatida belgilangan.

Yig‘ilish yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi. Uni hayotga tatbiq etish jarayoniga soha mutaxassislari, veterinariya shifokorlari, jamoatchilik va ko‘ngillilar ham jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Poytaxt hokimligi aholi, uy hayvonlari egalari hamda jamoat tashkilotlarini hayvonlarga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, shafqatsizlik holatlariga befarq bo‘lmaslik va ularni himoya qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar