Mojtaba Xomanaiyning ilk videosi tarqaldi: u qayerda?(video)

Mojtaba Xomanaiyning ilk videosi tarqaldi: u qayerda?(video)
Qisqacha

Eronda oliy rahnamo Mojtaba Xomanaiy aks etgan ilk video 8 avgust kuni Mehr axborot agentligi tomonidan e'lon qilindi. Videoda u bir guruh shaxslar bilan suhbatlashayotgani ko'rinadi, biroq tasvir qachon va qayerda olingani, undagi shaxslar kim ekani ochiqlanmagan. Video Mojtaba Xomanaiyning salomatligi va qayerdaligi haqidagi taxminlarga javob sifatida tarqatilgan bo'lishi mumkin.

Eronda mamlakat oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy aks etgan ilk video e’lon qilindi. Tasvir Mehr axborot agentligi tomonidan tarqatilgan.

8 avgust kuni ommaga taqdim etilgan videoda Mojtaba Xomanaiy bir guruh shaxslar bilan suhbatlashayotgani ko‘rinadi. Biroq kadrlar qachon va qayerda tasvirga olingani, shuningdek, unda ishtirok etayotgan shaxslarning kim ekaniga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Mazkur video Mojtaba Xomanaiyning salomatligi haqida so‘nggi vaqtlarda paydo bo‘layotgan turli taxminlarga javob sifatida e’lon qilingan bo‘lishi mumkin. U 28 fevral kuni AQSH va Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan otasi — Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rnini egallagan edi.

Shundan beri Mojtaba Xomanaiy omma oldida deyarli ko‘rinmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u hujumlar paytida jarohat olgan bo‘lishi va xavfsizlik choralari sabab ommadan uzoqda qolgan bo‘lishi mumkin.

U iyul oyida otasining dafn marosimida ham ishtirok etmagan. Marosimda Xomanaiyning uch o‘g‘li — Mustafo, Meysam va Mas’ud ko‘rinish bergan. Marhum rahnamo esa 10 iyulga o‘tar kechasi Imom Rizo maqbarasida dafn etilgan.

Ayni paytda AQSH va Isroil razvedka xizmatlari Mojtaba Xomanaiyning qayerdaligini, shuningdek, uning tirik yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qilayotgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, oliy rahnamo taxminan 150 kundan beri telefon va kompyuterdan foydalanmagan hamda maxfiy boshpanada yashirinib kelmoqda.

Mossad” bo‘limining sobiq rahbari Rami Igra ham Mojtaba Xomanaiy aloqa vositalaridan foydalanmasligi mumkinligini bildirgan. Uning aytishicha, bunday vaziyatda xabarlarni yetkazish uchun boshqa usullar, jumladan, kichik qog‘oz parchalaridan foydalanish ehtimoli bor.

Igraning so‘zlariga ko‘ra, Eron hukumati oliy rahnamoga axborot yetkazishda ko‘p bosqichli kurerlar tarmog‘idan foydalanishi mumkin. Bunda kurerlar maktub yoki xabarning mazmunini bilmaydi, balki uni bir shaxsdan boshqasiga yetkazish bilan cheklanadi. Uning ta’kidlashicha, Xomanaiy bilan bevosita aloqada bo‘lgan shaxs orqali ma’lumot olish eng real yo‘llardan biri bo‘lishi mumkin. Biroq rahnamo atrofidagi har bir shaxs qattiq tekshiruvdan o‘tkaziladi.

7 avgust kuni Isroil ommaviy axborot vositalari Mojtaba Xomanaiy “o‘ta og‘ir ahvolda” ekani haqida xabar tarqatgan edi. Shuningdek, uning hozirgi joylashuvi va mamlakatni boshqarish imkoniyati ham shubha ostiga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Mojtaba Xomanaiyning videomurojaati yoki ovozli xabarlari ommaga taqdim etilmaganiga qaramay, uning nomidan turli bayonotlar Eron davlat axborot agentliklari orqali tarqatilmoqda.

Yangi video esa Mojtaba Xomanaiyning ahvoli va qayerdaligi atrofidagi savollarga oydinlik kiritishga urinish sifatida qaralmoqda. Biroq tasvirning qachon va qayerda olingani ochiqlanmagani sababli, uning mazmuni bo‘yicha hozircha turli savollar saqlanib qolmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar