Britaniyada 10 yil bedarak bo‘lgan mushuk uyiga qaytdi

Buyuk Britaniyada 2016 yilda bedarak yo‘qolgan Charli laqabli mushuk oradan qariyb 10 yil o‘tib o‘z egalari Lyusi va Xanna Robertsonlar bag‘riga qaytdi. Egizaklar va oila a'zolari uni uzoq vaqt izlab, umidlarini uzmagan bo‘lsada, mushukdan darak bo‘lmagandi. 2026 yil 29 iyul kuni Aberkarn shahridagi veterinariya klinikasidan qo‘ng‘iroq qilinib, mikrochip orqali uning egalari topilgani ma'lum qilindi. Hozirgi kunda Charli oiladagi boshqa uy hayvonlariga qayta moslashmoqda.
Buyuk Britaniyada 2016 yilda bedarak yo‘qolgan Charli laqabli mushuk oradan qariyb 10 yil o‘tib, yana o‘z egalari bag‘riga qaytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Charlining egalari Lyusi va Xanna Robertsonlar uni uzoq vaqt izlashgan, atrofdagilardan so‘rashgan va Facebook'da ham xabar tarqatishgan. Biroq mushukdan hech qanday darak bo‘lmagan.
«Biz uni topishga harakat qildik, lekin topa olmadik. Biz hech qachon umidimizni uzmadik», — dedi Xanna.
Oila Charlini mashina urib ketgan yoki boshqa baxtsiz hodisa oqibatida nobud bo‘lgan deb xavotirlangan. Ammo 2026 yil 29 iyul kuni Xannaga Aberkarn shahridagi veterinariya klinikasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, yaqin atrofda yashovchi kishi Charlini butalar orasida ko‘rib qolgan va uni qarovsiz deb o‘ylab, bir necha hafta davomida ovqatlantirgan. Keyin mushuk veterinarga olib borilgan va mikrochip orqali uning egalari aniqlangan.
«Uning ko‘rinishi unchalik o‘zgarmagan, xuddi eski suratlardagidek», — dedi Lyusi.
Hozir Charli oiladagi boshqa uy hayvonlariga qayta moslashmoqda. Lyusi esa mushuk o‘zining mashhur bo‘lib qolganini his qilayotgan bo‘lishi mumkinligini hazil bilan ta’kidladi.






























Izohlar 0
…