Tushlikda lotereyadan 2 mln dollar yutgan ayol buni ishxonasidagilardan yashirdi

Tushlikda lotereyadan 2 mln dollar yutgan ayol buni ishxonasidagilardan yashirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Virjiniya shtatida yashovchi ayol tushlik tanaffusida lotereyadan 2 million dollar yutib olganiga qaramay, ishiga qaytib, bu haqda hamkasblaridan yashirgan.
  • U soliqlar ushlanishidan oldin 952 ming dollar miqdoridagi bir martalik to‘lovni tanlagan.
  • Ayol, Virjiniya shtatining yangi qonuni tufayli, shaxsini oshkor qilmaslikni ma’qul ko‘rgan.

AQSHning Virjiniya shtatida yashovchi ayol tushlik tanaffusida lotereyadan 2 million dollarlik bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Biroq u katta yutuqni nishonlash o‘rniga ishiga qaytib, kunini odatdagidek davom ettirdi. Bu haqda People xabar bermoqda.

Portsmut shahrida istiqomat qiluvchi ayol ishdagi og‘ir kundan keyin omadini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Shu maqsadda u Norfolk shahridagi Love Food Mart do‘koniga kirib, lotereya chiptasini xarid qilgan.

Ko‘p o‘tmay, chipta unga 2 million dollarlik bosh sovrinni bergani ma’lum bo‘lgan. Shunga qaramay, ayol hayajonga tushib, ishini tashlab ketmagan. Tushlik tanaffusi yakunlangach, u yana ish joyiga qaytgan.

“Ishga qaytib, hech narsa bo‘lmagandek o‘zimni tutishim kerak edi”, degan u lotereya tashkilotchilariga.

G‘olibga yutuqni 30 yil davomida bo‘lib-bo‘lib olish yoki bir martalik to‘lovni tanlash imkoniyati berilgan. Ayol bir martalik to‘lovni ma’qul ko‘rgan va soliqlar ushlanishidan oldin 952 ming dollar olish huquqiga ega bo‘lgan.

1 sentyabrda boshlangan mazkur lotereya o‘yinida hozircha yana ikkita 2 million dollarlik bosh sovrin o‘z egasini kutmoqda. Ushbu asosiy sovrinni qo‘lga kiritish ehtimoli 408 mingdan birga teng. Lotereyada umuman biror sovrin yutish ehtimoli esa 3,48 dan birni tashkil etadi.

Ayol katta yutuq sohibi bo‘lganiga qaramay, shaxsini oshkor qilmaslikni tanlagan. Bunga Virjiniya shtatida joriy yil iyul oyida qabul qilingan yangi qonun imkon berdi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, lotereya g‘oliblari xohishiga qarab anonim qolishi mumkin. Bunday vaziyatda lotereya tashkiloti g‘olibning ismi, yashash manzili yoki olgan yutug‘i miqdorini uning yozma roziligisiz e’lon qila olmaydi.

Avval Virjiniyada bunday imtiyoz faqat 10 million dollardan ortiq yutuq sohiblariga berilgan. Hozir esa AQSHning Delaver, Kanzas, Merilend va Oregon shtatlarida ham lotereya g‘oliblari shaxsini sir saqlash imkoniyatiga ega.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar