Gonkongda hushini yo‘qotgan taksi haydovchisini yo‘lovchilar to‘xtatishga urindi (video)

Gonkongda hushini yo‘qotgan taksi haydovchisini yo‘lovchilar to‘xtatishga urindi (video)

Xitoyning Gonkong shahrida harakatlanayotgan taksi haydovchisi to‘satdan hushini yo‘qotdi. Oqibatda avtomobil ichidagi to‘rt nafar yo‘lovchi mashinani boshqarishga va uni to‘xtatishga urindi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 28 sentyabr kuni tush paytida Ching Cheung Road yo‘lida sodir bo‘lgan. 66 yoshli haydovchi rulda ketayotib, to‘satdan hushidan ketgan. Uning holatini sezgan yo‘lovchilar dastlab uni uyg‘otishga harakat qilgan, biroq haydovchi javob bermagan.

Shundan so‘ng old o‘rindiqda o‘tirgan erkak rulni boshqarishga uringan, orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilardan biri esa qo‘l tormozini tortishga harakat qilgan. Biroq boshqaruvdan chiqqan taksi yo‘l chetidagi beton to‘siqqa urilib, shundan keyingina to‘xtagan.

Hodisa oqibatida to‘rt nafar yo‘lovchining hech biri jarohat olmagan. Tez yordam xodimlari hushsiz holatda bo‘lgan haydovchini kasalxonaga olib borgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, uning ahvoli og‘ir bo‘lgan.

Voqea aks etgan videolavhalar internetda tarqalib, yo‘lovchilarning favqulodda vaziyatda avtomobilni boshqarishga uringani ko‘pchilik e’tiborini tortdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar