Xitoyda taksi xizmati shaxsiy avtomobildan arzonroqqa tushmoqda: Sabab — elektromobillar

Xitoy transport bozorida tub burilish yuz bermoqda: mamlakatda taksi va karshering xizmatlarining ommaviy elektrifikatsiyasi tufayli yoʻlovchi tashish xarajatlari keskin pasaydi. Global neft narxlarining oʻsishi fonida benzinli shaxsiy avtomobildan foydalanishdan koʻra, zamonaviy elektromobillarda taksi xizmatidan foydalanish hamyonbop boʻlib qoldi. Bu holat nafaqat iqtisodiy, balki ekologik manzarani ham oʻzgartirmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda xitoylik foydalanuvchilar oʻz tajribalari bilan boʻlishib, shaxsiy mashinani saqlash va unga yonilgʻi quyishdan koʻra, mobil ilovalar orqali taksi chaqirish foydaliroq ekanini taʼkidlamoqda. May oyining oʻzida Xitoy aholisi taksi va karshering xizmatlaridan 3,05 milliard marta foydalangan. Martdan maygacha boʻlgan davrda bunday sayohatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga oshgan.
Iqtisodiy omillar va raqobatning kuchayishi
Ekspertlarning fikricha, yoʻlkira narxlarining tushishiga bir necha omillar sabab boʻlgan. Birinchidan, iqtisodiy oʻsishning sekinlashishi fonida mehnat bozorida haydovchilar soni koʻpaydi. Ikkinchidan, arzon va tejamkor elektromobillar ekspluatatsiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirdi. Natijada tashuvchilar oʻrtasida kuchli raqobat yuzaga kelib, bu isteʼmolchilar uchun narxlarning pasayishiga xizmat qildi.Hozirda Xitoydagi 1,3 million taksi avtomobillarining qariyb yarmi elektr energiyasida harakatlanadi. Yirik megapolislarda esa bu koʻrsatkich deyarli 100 foizga yaqinlashib qolgan. Mamlakatning eng yirik agregatori hisoblangan Didi servisi bir yil ichida oʻz parkiga 2 millionta gibrid va elektromobil qoʻshdi. Hozirda ushbu platformadagi jami 8 million transport vositasining 75 foizi ekologik toza mashinalar hisoblanadi.
Yoqilgʻi isteʼmoli va kelajak istiqbollari
Elektromobillarning ommalashishi Xitoyning energetika balansiga ham taʼsir koʻrsatmay qolmadi. May oyi yakunlariga koʻra, mamlakatda benzin isteʼmoli 10 foizga, dizel yoqilgʻisi esa 14 foizga kamaygan. Bu koʻrsatkich yuk tashuvlari hajmi oshgani va bayram kunlaridagi yuqori faollikka qaramasdan qayd etilgani diqqatga sazovordir.Greenpeace tashkiloti prognozlariga koʻra, 2035-yilga borib Xitoydagi taksi va karshering xizmatlarining 90 foizi elektromobillar hissasiga toʻgʻri keladi. Odamlar ichki yonuv dvigatelli shaxsiy mashinalardan voz kechib, jamoat transporti va arzon elektr-taksilarga oʻtishda davom etmoqda. Bu tajriba Oʻzbekiston kabi elektromobillar bozori jadal rivojlanayotgan davlatlar uchun ham yaqin kelajakdagi asosiy trendlardan biri boʻlishi mumkin.






























Izohlar 0
…