Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun AQSHdan yetti shartning bajarilishini kutmoqda

Eron Hormuz bo‘g‘ozini AQSH bilan kelishilgan yetti shart bajarilmaguncha to‘liq ochmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Eron parlamenti spikeri va mamlakatning AQSH bilan muzokaralardagi bosh vakili Muhammad Boqir G‘olibaf 4 oktyabr kuni bayonot berdi. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
G‘olibafning aytishicha, Tehron BMT Bosh Assambleyasi doirasida Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha yetti kunlik rejani taklif qilgan. Unga ko‘ra, belgilangan shartlar bajarilsa, suv yo‘li ochilib, kemalarning odatiy harakati yetti kun ichida tiklanishi mumkin. AQSH esa ushbu taklifga Qatar vositachiligida javob bergan.
Eron parlamenti spikeri mamlakat pozitsiyasi qat’iy ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi iyun oyidagi vaqtinchalik kelishuvda belgilangan va «Islomobod memorandumi» asosida shakllangan yetti shart bajarilmaguncha ochilmaydi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy ham Vashingtonning javobi Tehronga vositachilar orqali yetkazilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, AQSH takliflarida avvalgi pozitsiyalar, xususan, Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq masalalar asosiy o‘rinda qolgan.
Tehron esa hozirgi bosqichda asosiy e’tiborni Hormuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni tiklash va kemalar harakatini normallashtirishga qaratganini bildirmoqda. Eron tomoni suv yo‘lini ochish uchun AQSHdan aniq qadamlar tashlashni talab qilmoqda.
Hormuz bo‘g‘ozi orqali tinchlik davrida dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz oqimining taxminan beshdan bir qismi o‘tadi. Shu bois uning ochilishi yoki yopiq qolishi jahon energetika bozoriga ham ta’sir qilishi mumkin.






























Izohlar 0
…