Uch karra Olimpiya va olti karra jahon chempioni ko‘chada ovqat yig‘ayotganida tasvirga tushdi (video)

Boks bo‘yicha uch karra Olimpiya chempioni, kubalik sobiq sportchi Feliks Savonning ko‘chada ovqat yig‘ayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. 17 soniyalik videoda avtomobil ichidan tasvirga olayotgan erkak sobiq bokschidan nima qilayotganini so‘raydi. Savon esa ovqatlanish uchun oziq-ovqat yig‘ayotganini aytadi. Video bir milliondan ortiq marta tomosha qilingan. Bu haqda Periodico Cubano xabar berdi.
1967 yilda Kubada tug‘ilgan Feliks Savon boks tarixidagi eng taniqli havaskor sportchilardan biri hisoblanadi. U 1992 yil Barselona, 1996 yil Atlanta va 2000 yil Sidney Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, olti karra jahon chempioni hisoblanadi.
Biroq sobiq bokschining faoliyati sportdagi yutuqlaridan tashqari, sud ishi bilan ham bog‘liq. CubaNet nashrining 2025 yil 25 yanvardagi xabariga ko‘ra, Savon voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy jinoyat bilan bog‘liq ish yuzasidan qariyb olti yil qamoqda bo‘lgan va 2024 yil oxirida shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. Uning ishi bo‘yicha sud hukmi va jazo tafsilotlari jamoatchilikka to‘liq oshkor qilinmagan.
Videoning qachon va qayerda olingani hozircha aniq emas.






























Izohlar 0
…