Turkiyada Edjevit 25 yildan ortiq vaqtdan beri sevgan ayolini kutib yashamoqda (video)

Ba’zi muhabbat hikoyalari baxtli uchrashuvlar bilan emas, yillar davomida so‘nmagan umid va intizorlik bilan yodda qoladi. Turkiyaning Sinop viloyatida yashovchi Edjevit Okyudjyuning hayoti ham shunday hikoyalardan biriga aylangan. Bu haqda Tengri Life xabar berdi.
Mahalliy aholi orasida «Oshiq Edjevit» nomi bilan tanilgan erkak 25 yildan ortiq vaqtdan beri yoshlikda sevib qolgan Ayshe ismli ayolni yo‘l bo‘yidagi bekatda kutib keladi. Uning bu hikoyasi yillar davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘pchilikning e’tiborini tortgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Edjevit Ayshe bilan taxminan 2000 yillarda tanishgan. Biroq ularning munosabatlari davom etmagan va ayol ketib qolgan. Shundan so‘ng Edjevit uni yana bir kun qaytib kelishiga umid qilib, bir xil joyda kutishni davom ettirgan.
Uning hikoyasidan ta’sirlangan mahalliy aholi va yo‘lovchilar ham Edjevitga befarq qaramagan. Ayrim haydovchilar unga oziq-ovqat olib kelib, sovuq kunlarda yordam berishgan. Hatto bir xayriyapesha inson unga yashashi uchun konteyner uy ham sovg‘a qilgan.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Edjevit vafot etgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Biroq bu ma’lumot tasdiqlanmagan. 2026 yil avgust oyidagi xabarlarda uning yaqinlari erkakning vafot etgani haqidagi iddaolarni rad etgan. 28 oktyabr kuni e’lon qilingan xabarda esa u hanuz sevgan ayolini kutayotgani aytilgan.
Edjevitning hayot yo‘li ko‘pchilikni muhabbat, sadoqat va yillar davomida so‘nmagan umid haqida o‘ylashga undamoqda.






























Izohlar 0
…