Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar yopildi: Turkiyada shov-shuvli qonun kuchga kirdi

Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar yopildi: Turkiyada shov-shuvli qonun kuchga kirdi

Turkiyada bolalar xavfsizligi va ta’limiga qaratilgan jiddiy qadam tashlandi — 15 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga nisbatan rasmiy taqiq kuchga kirdi. Turkiya Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mahinur Go‘ktash ma’lum qilishicha, 15 yoshgacha bo‘lgan shaxslar endilikda tarmoqlarda yangi profil ocha olmaydi, mavjud sahifalar esa bosqichma-bosqich yopiladi.

Mavjud foydalanuvchilarning yoshini tekshirish va moslashish jarayoni 2027 yil 31 martga qadar davom etadi. Ushbu o‘tish davrida ijtimoiy tarmoqlar ma’muriyati 15 yoshdan kichik foydalanuvchilarning hisoblarini to‘liq muzlatib, faoliyatini to‘xtatadi.

e-devlet orqali nazorat: Yoshga qarab qanday cheklovlar o‘rnatiladi?

Ijtimoiy tarmoqqa kirish uchun foydalanuvchilar davlat xizmatlari portali — e-devlet orqali shaxsini tasdiqlashi talab etiladi. Portal orqali fuqaroning yoshi haqidagi ma’lumotga ega raqamli token beriladi:

  • 15 yoshgacha bo‘lganlar: Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish butunlay taqiqlanadi;

  • 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar: Tarmoqqa kirishga ruxsat beriladi, ammo qat’iy cheklovlar bilan:

    • Faqat «do‘stlar» ro‘yxatidagi sahifalar bilan yozishish mumkin;

    • To‘g‘ridan to‘g‘ri (jonli) efirlar olib borish qat’iyan man etiladi;

    • «Kattalar uchun» mo‘ljallangan reklama va nomaqbul kontentlar to‘sib qo‘yiladi.

Qonun talabini buzib, o‘smirlar uchun soxta profil ochgan shaxslar hamda yosh cheklovlarini nazorat qilmagan ijtimoiy tarmoq platformalarining o‘zlari ham jiddiy jarima va sanksiyalarga tortiladi.

Sayyohlar va xorijliklar uchun tartib qanday?

Xavfsizlik bo‘yicha turkiyalik ekspert Mustafo Begyurdjyuning ta’kidlashicha, Turkiyaga qisqa muddatga keluvchi xorijiy sayyohlar o‘z pasport ma’lumotlarini maxsus portalda qayd etish orqali ijtimoiy tarmoqlarga cheklovsiz kirish huquqini qo‘lga kiritishlari mumkin.

«Bolalar ko‘proq dars qilishi kerak»: Cheklovlar ortidagi sabab

Turkiya Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralog‘lu cheklovlarning kiritilishini izohlar ekan, bu butun internetni taqiqlash emas, balki yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq ekanini bildirdi:

«Bu yerda gap butun internetni taqiqlash haqida ketayotgani yo‘q. Bolalar virtual olamda soatlab vaqt yo‘qotmasdan, ko‘proq dars bilan shug‘ullanishi, kitob o‘qishi va real hayotga e’tibor qaratishi zarur».

Bundan tashqari, Turkiya Adliya vaziri Aqin Gyurlekning ma’lum qilishicha, mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardagi anonim (soxta) profillarni butunlay taqiqlash bo‘yicha qonunchilikka navbatdagi o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar