Dunyo aholisining yarmidan ko‘pi yashaydigan yetti davlat ma’lum bo‘ldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- BMT ma'lumotlariga ko'ra, dunyo aholisining 4 milliarddan ortiq qismi yoki 51,2 foizi Hindiston, Xitoy, AQSH, Indoneziya, Pokiston, Nigeriya va Braziliya kabi yetti davlatda istiqomat qiladi.
- Aholi soni bo'yicha 1,48 milliard kishi bilan Hindiston birinchi o'rinni egallab, 1,41 milliard aholiga ega Xitoyni ortda qoldirdi.
Bugungi kunda dunyo aholisi soni mamlakatlar kesimida bir xil taqsimlanmagan. Ayrim davlatlarda aholi soni jadal sur’atlarda ortib borayotgan bo‘lsa, boshqalarida, aksincha, kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ma’lumotlari asosida tayyorlangan yangi hisobotda sayyoramiz aholisining katta qismi jamlangan yetti davlat nomi ma’lum qilindi. Qizig‘i, Yer yuzidagi har ikki kishidan biriga yaqini aynan shu mamlakatlarda istiqomat qiladi.
BMT ma’lumotlari asosida DataReportal tomonidan e’lon qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo aholisining 4 milliarddan ortiq qismi atigi yetti mamlakat hududida yashaydi. Ushbu ko‘rsatkich mazkur davlatlarning jahon demografik manzarasida qanchalik katta o‘rin egallashini yaqqol namoyon etadi.
Aholi soni bo‘yicha tuzilgan reytingda birinchi o‘rinni Hindiston band etgan. Mamlakatda qariyb 1,48 milliard kishi istiqomat qiladi. Ikkinchi pog‘onadan esa 1,41 milliard aholiga ega Xitoy joy olgan. Shu tariqa, dunyoning eng ko‘p aholi yashaydigan ushbu ikki Osiyo davlati hissasiga jahon aholisining qariyb 35 foizi to‘g‘ri keladi.
Reytingning uchinchi o‘rnida 349 million aholi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari qayd etilgan. Keyingi pog‘onalarni Indoneziya va Pokiston egallagan bo‘lib, ularda mos ravishda 288 million va 260 million kishi yashaydi.
Afrika qit’asining eng ko‘p aholiga ega davlati hisoblangan Nigeriya 243 million aholi bilan oltinchi o‘rindan joy olgan. Yettilik ro‘yxatini esa 213 million aholiga ega Braziliya yakunlagan.
Shunday qilib, Hindiston, Xitoy, AQSH, Indoneziya, Pokiston, Nigeriya va Braziliyada jami Yer yuzi aholisining taxminan 51,2 foizi istiqomat qiladi. Boshqacha aytganda, dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘i bor-yo‘g‘i yetti mamlakat hududida jamlangan.

BMT hisob-kitoblari asosida shakllantirilgan DataReportal Digital 2026 Global Overview Report hisobotiga muvofiq, 2025 yil oktyabr oyida jahon aholisi soni taxminan 8,25 milliard kishiga yetgan. Hisobotda, shuningdek, Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning eng ko‘p aholiga ega davlatiga aylangani ham alohida qayd etilgan.
Biroq mazkur yetti mamlakatda demografik jarayonlar bir xil kechmayapti. Xususan, Hindiston, Pokiston va Nigeriyada aholi soni o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa, Xitoyda bu borada teskari holat, ya’ni aholi sonining qisqarishi kuzatilmoqda.
DataReportal ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktyabrigacha bo‘lgan bir yil davomida Xitoy aholisi qariyb 3,25 million kishiga kamaygan. Hindistonda esa bu davrda aholi soni deyarli 12,9 million kishiga oshgan. Bu esa ikki eng yirik aholiga ega mamlakat o‘rtasidagi demografik farq tobora yaqqol namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, keltirilgan raqamlar dunyo aholisining mamlakatlar bo‘yicha notekis taqsimlanganini, shuningdek, turli mintaqalarda demografik o‘zgarishlar bir-biridan farq qilishini tasdiqlaydi. Ayrim davlatlarda aholi sonining tez o‘sishi kuzatilsa, boshqalarida kamayish jarayoni davom etmoqda. Bu holat esa kelgusi yillarda jahon aholisining geografik taqsimoti va demografik manzarasida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…